O‘zbekiston va Pokiston yangi savdo loyihalarini tayyorlamoqda
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Pokiston O‘zbekiston hukumat delegatsiyasining tashrifini hamda ikki mamlakat yetakchi kompaniyalari ishtirokida biznes-forum o‘tkazishni tayyorlamoqda. Bu masalalarni O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev O‘zbekistondagi Pokistonning Favqulodda va Muxtor Elchisi Muhammad Mudassir Tipu bilan muhokama qildi. Bu haqda Jamshid Xodjayev LinkedIn sahifasida maʼlum qildi.
Tomonlar O‘zbekiston hukumat delegatsiyasining Pokistonga bo‘lajak tashrifiga tayyorgarlik masalalarini muhokama qildi. Tashrif doirasida ikki davlatning yetakchi kompaniyalarini birlashtiradigan biznes-forum o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Xodjayevning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Pokiston savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va sanoat hamkorligini kengaytirish uchun hali to‘liq ishga solinmagan salmoqli salohiyatga ega. U asosiy vazifalardan biri mavjud imkoniyatlarni aniq loyihalarga aylantirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish va savdo yo‘nalishlari samaradorligini oshirish ekanini taʼkidladi.
Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi preferensial savdoni kengaytirishga ham alohida eʼtibor qaratildi. 14 avgustdan boshlab tegishli rejim 80 dan ortiq tovar pozitsiyalariga tatbiq etilmoqda.
Muzokaralarning yana bir yo‘nalishi transport bog‘liqligini rivojlantirish bo‘ldi. Tomonlar Pokiston orqali yangi tranzit koridorlarini tashkil etish imkoniyatini muhokama qildi.
Bosh vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, bunday yo‘nalishlar yetkazib berish muddatlari va logistika xarajatlarini qisqartirish, shuningdek, o‘zbek kompaniyalarining Janubiy Osiyo bozorlariga kirish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Hukumat delegatsiyasining bo‘lajak tashrifi va biznes-forum to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini yana-da mustahkamlash hamda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini muhokama qilish uchun maydonga aylanishi kutilmoqda.