Mirziyoyev yangilangan Tadbirkorlik kengashi tarkibini tasdiqladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev huzuridagi Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Jamoat kengashining yangilangan tarkibini tasdiqladi. O‘zgartishlar tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan VI ochiq muloqotda belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida 27 avgust kuni qabul qilingan farmonda nazarda tutilgan.
Kengashga Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov rahbarlik qiladi. Kengash raisining biznes manfaatlarini himoya qilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari sifatida Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil Abdumannop Buriyev faoliyat yuritadi. Kengash kotibi etib Savdo-sanoat palatasi raisining maslahatchisi Sarvarbek Niyozov tayinlangan.
Yangilangan tarkibning salmoqli qismini ishlab chiqarish va to‘qimachilik kompaniyalari taʼsischilari hamda rahbarlari tashkil etadi. Ular orasida Farhod Mamatjonov (Uztex Group), Jamshid Ismatullayev (Chust Textile), Sherzod Jumayev (Navbahor Tekstil), Ilhomjon Abdurahmonov (Paxtakor Teks) va Kamol Abdullayev (Sam Antep Gilam) bor. Qurilish va developerlik sohasini Murod Nazarov (Murad Buildings), Shavkat Jalolov (Agromir Buildings) hamda O‘zbekiston Quruvchilar uyushmasi rahbari Mansurjon Niyozmuhamedov namoyon etgan.
Farmatsevtika va sog‘liqni saqlash sohasidan kengash tarkibiga Azizxo‘ja Abbosxo‘jayev (Grand Pharm Trade), Nasimjon Komilov (Stdhealthmed), Jamshid Shakirov (Uzbekistan Hydrogen Peroxide) va American Hospital rahbari Sarvar Jumaniyazov kiritilgan. Oziq-ovqat sanoati va umumiy ovqatlanish sohasini Zafar Hoshimov (Anglesey Food), Shuhrat Ergashev (Orient-Confection), Ulug‘bek Rahimov (Kids Plate Distribution) va Dinara Islomova (Dodo Pizza Tashkent) namoyanda qiladi.
Sanoat va energetika sektorida kengash tarkibiga Akfa Group korporatsiyasi taʼsischisi Jahongir Artiqxo‘jayev va Tohir Sharipov (Procab) kiritilgan. Qishloq xo‘jaligi sohasini Saydvali Nasretdinov (Uniagri Group), lizing va moliyaviy xizmatlar sohasini esa Uzbek Leasing International bosh direktori Zafarjon Mustafayev namoyon etgan.
Yuridik va konsalting sohasini advokatlik firmalari rahbarlari Akmal Hasanov (Veritas Inter Lex), Davron Ahmatov (Prae Legal) va Shokir Boqiyev (Turon-Himoyasi), shuningdek, audit va soliq konsaltingi bo‘yicha mutaxassislar Azizbek Qurbonov (International Business Audit and Consulting), Umidbek Safarov (United Tax Advisors) hamda Murod Akramov (Technologies of Real Time) namoyon etadi.
Texnologiya va savdo sektoridan kengash tarkibiga Click direktori Ulug‘bek Rustamov, Hikmat Nasrullayev (Realsoft), Sardor Abasxanov (Global Export Company) va Faxriddin Ilyasov (Mezon Business) kiritilgan. Shuningdek, Raxmatjon Abdullayev (Almerro Group), Payzullajon Mirzayev (Manar Group), Shuhrat Ilhomov (Navro‘z-PTK), Akobir Shamsiyev (Ako Shams Consulting), Lazizbek Hamidov (Tasnif Group) va Khiva Plaza direktori Lola Mirzayeva ham kengash tarkibidan o‘rin olgan.
Bundan tashqari, iqtisodchi va jamoat arbobi Otabek Bakirov ham kengash tarkibiga kiritilgan.
Prezident huzuridagi Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Jamoat kengashi 2022 yilda davlat rahbarining biznes vakillari bilan o‘tkazgan ochiq muloqoti yakunlari asosida tashkil etilgan. Kengashning vazifalariga tadbirkorlarning tashabbuslari ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, davlat organlarining biznes va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorligini taʼminlash, tadbirkorlik sohasidagi muammolarni monitoring qilish hamda biznesni rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan baryerlarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar tayyorlash kiradi.