Iqtisod

O‘zbekiston meva-sabzavotlarni AQSHga eksport qiladi

O‘zbekiston meva-sabzavotlarni AQSHga eksport qiladi
O‘zbekiston meva-sabzavotlarni AQSHga eksport qiladi / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston mahalliy ishlab chiqaruvchilarning meva-sabzavot mahsulotlarini Costco Wholesale savdo tarmog‘i orqali AQSH bozoriga yetkazib berish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi xabar berdi.

O‘zbekistonning AQSHdagi vakolatxonasi ko‘magida Costco Wholesale kompaniyasi bilan muzokaralar olib borilmoqda. Uchrashuvlar doirasida O‘zbekistonda yetishtirilgan va ishlab chiqarilgan mahsulotlarni yetkazib berish masalalari muhokama qilinmoqda.

Amerika bozoriga chiqish uchun korxonalar FDAda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi, xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lishi hamda zarur hajmdagi mahsulotlarni barqaror ravishda yetkazib berishni taʼminlashi kerak. Eksport qilinadigan mahsulotlar fitosanitar talablarga ham javob berishi lozim.

Yangi uzilgan meva va sabzavotlarni yetkazib berish uchun qo‘yiladigan alohida talablardan biri uzluksiz «sovuq zanjir» tizimini taʼminlash hisoblanadi. Uning yo‘qligi uzoq muddatli tashish jarayonida mahsulotlarning buzilishi va sifatining pasayishiga olib kelishi mumkin.

Ayni paytda Costco bilan hamkorlik qilishga tayyor bo‘lgan mahalliy ishlab chiqaruvchilar va eksportchilar ro‘yxati shakllantirilmoqda.

Belgilangan talablarga javob beradigan va AQSH bozoriga chiqishdan manfaatdor korxonalar maxsus anketani to‘ldirishlari mumkin.

Oziq-ovqat mahsulotlari eksporti bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha Eksportga ko‘maklashish bo‘limiga +998 71 202 77 78 raqami orqali murojaat qilish mumkin.

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.