Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston biofarmatsevtika sohasini rivojlantirish, zamonaviy biotexnologiyalarni joriy etish va ilg‘or ishlab chiqarish texnologiyalarini mahalliylashtirish bo‘yicha Janubiy Koreya tajribasini o‘rganmoqda. Bu haqda Tibbiyot va farmatsevtika sohasini rivojlantirish agentligi xabar berdi.
15 sentyabr kuni agentlik direktori Abdulla Azizov Janubiy Koreyaning yetakchi biofarmatsevtika kompaniyalaridan biri rahbariyati bilan uchrashdi. Tomonlar O‘zbekistonda sohani rivojlantirish istiqbollari va texnologik hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildi.
Uchrashuv davomida biofarmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish, zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalarini mahalliylashtirish hamda mutaxassislar malakasini oshirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Ilmiy-tadqiqot sohasidagi hamkorlik va zamonaviy biotexnologik yechimlarni joriy etishga alohida eʼtibor qaratildi.
Kompaniya Janubiy Koreyadagi Pangyo Technovalley hududida joylashgan bo‘lib, zamonaviy ilmiy-tadqiqot va ishlab chiqarish infratuzilmasi, shuningdek, ilg‘or biotexnologik salohiyatga ega.