O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
Iqtisod

Rostov viloyatida O‘zbekiston bilan hamkorlik muhokama qilindi

Dilafro'z Niyazova · 04.09.2026 · 13:40 · 33 views
Rostov viloyatida O‘zbekiston bilan hamkorlik muhokama qilindi
Rostov viloyatida O‘zbekiston bilan hamkorlik muhokama qilindi / Foto: Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Rostov viloyatida O‘zbekiston bilan hududlararo hamkorlikni rivojlantirish, mehnat mobilligi va O‘zbekiston fuqarolarining huquqlarini himoya qilish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Ishchi tashrif doirasida Rostov viloyati gubernatori Yuriy Slyusar bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Tomonlar savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, shuningdek, Rossiya va O‘zbekiston hududlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yana-da mustahkamlash istiqbollarini muhokama qildi.

O‘zbekiston fuqarolarining mehnat mobilligi va ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish mexanizmlarini takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Rossiya Ichki ishlar vazirligining Rostov viloyati bo‘yicha Bosh boshqarmasi rahbariyati ishtirokida alohida ishchi yig‘ilish o‘tkazishga kelishib olindi. Unda O‘zbekiston fuqarolari tomonidan mehnat patentlarini olish tartibini soddalashtirish bilan bog‘liq masalalarni ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Shuningdek, tomonlar Rostov viloyati delegatsiyasining 2027 yil mart oyida O‘zbekistonga tashrifini tayyorlash masalasini muhokama qildi. Rossiya tomoni delegatsiya tarkibiga viloyatdagi qator sanoat korxonalari vakillarini kiritishdan manfaatdor ekanini bildirdi. Bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ishlab chiqish imkonini beradi.

O‘zbekiston fuqarolarining qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish masalalari Rostov viloyatidagi Inson huquqlari bo‘yicha vakil Aleksey Xarkovskiy bilan uchrashuvda ko‘rib chiqildi. Tomonlar O‘zbekiston fuqarolari mehnat qilayotgan korxona va obyektlarga Inson huquqlari bo‘yicha vakil apparatining biriktirilgan vakili ishtirokida birgalikda tashriflar uyushtirishga kelishib oldi.

Bundan tashqari, «SSK AVAKON» MCHJda ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Korxonada qariyb 100 nafar O‘zbekiston fuqarosi mehnat qilmoqda. Asosiy eʼtibor konsullik-huquqiy himoya, xodimlarning qonuniy huquq va manfaatlariga rioya etilishi, shuningdek, migratsiya va mehnat qonunchiligi masalalariga qaratildi.

Fuqarolarga zarur tushuntirishlar va amaliy tavsiyalar berildi.

O‘tkazilgan uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha tomonlar hududlararo hamkorlikni rivojlantirish, uyushgan mehnat mobilligi mexanizmlarini takomillashtirish hamda O‘zbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlarini izchil himoya qilish bo‘yicha amaliy hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanini tasdiqladi.