7
Iqtisod

OTB O‘zbekistonga elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish uchun 200 mln dollar ajratdi

OTB O‘zbekistonga elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish uchun 200 mln dollar ajratdi
OTB O‘zbekistonga elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish uchun 200 mln dollar ajratdi / Foto: OTB.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Osiyo taraqqiyot banki (OTB) va O‘zbekiston mamlakatning taqsimlovchi elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish uchun 200 million dollarlik kredit ajratish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Mablag‘lar infratuzilmani yangilash, elektr energiyasi yo‘qotishlarini kamaytirish va talab ortib borayotgan sharoitda elektr taʼminoti ishonchliligini oshirishga yo‘naltiriladi.

Bitim 15 oktyabr kuni Bangkok shahrida OTB prezidenti Masato Kanda hamda O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov tomonidan imzolandi.

Dastur butun mamlakat bo‘ylab taqsimlovchi elektr tarmog‘ining 60 ta muhim podstansiyasini modernizatsiya qilish, shuningdek, raqamli boshqaruv tizimlarini joriy etishni nazarda tutadi. Infratuzilmaning yangilanishi elektr energiyasi yo‘qotishlarini kamaytirish, transformatorlardagi ortiqcha yuklamani pasaytirish va xonadonlar, korxonalar hamda davlat muassasalarini barqaror elektr energiyasi bilan taʼminlashni yaxshilashi kutilmoqda.

OTB baholashicha, dasturni amalga oshirish kamida 3,3 GVt quvvatga ega yangi qayta tiklanuvchi energiya manbalarini elektr tarmoqlariga ulash uchun ham sharoit yaratadi. Issiqxona gazlari chiqindilarini har yili karbonat angidrid ekvivalentida qariyb 23 ming tonnaga kamaytirish kutilmoqda.

Modernizatsiya zarurati iqtisodiyotning o‘sishi, shaharlarning kengayishi va elektr energiyasi isteʼmolining ortishi bilan bog‘liq. Eskirgan uskunalar va tarmoqlardagi ortiqcha yuklama ishonchli elektr taʼminotini taʼminlash hamda qayta tiklanuvchi energetikaning yangi obyektlarini tarmoqqa ulashni qiyinlashtirmoqda.

Uskunalarni yangilashdan tashqari, dastur «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJning infratuzilmadan foydalanish sohasidagi salohiyatini mustahkamlash, boshqaruv va moliyaviy nazoratni takomillashtirish, shuningdek, xodimlar malakasini oshirishni ham qamrab oladi. Xodimlarni o‘qitish va ayollarning energetika sohasidagi ishtirokini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Loyiha OTB va Jahon bankining o‘zaro to‘liq ishonch doirasi (Full Mutual Reliance Framework — FMRF) mexanizmi asosida O‘zbekistonda amalga oshiriladigan birinchi energetika tashabbusi bo‘ladi. Shuningdek, bu mamlakat energetika sektorida natijalarga asoslangan moliyalashtirish dasturining birinchi namunasidir.

OTB loyihaning asosiy kreditori sifatida ishtirok etadi. Jahon banki esa oktyabr oyining oxirrog‘ida o‘z Direktorlar kengashiga qo‘shimcha 100 million dollar moliyalashtirish ajratish to‘g‘risidagi taklifni taqdim etishni rejalashtirmoqda.

Yangi dastur OTBning O‘zbekiston energetika sohasini ko‘p yillar davomida qo‘llab-quvvatlash siyosatining davomi hisoblanadi. 2010 yildan buyon bank mamlakatga ushbu sohada jami 3,4 milliard dollardan ortiq moliyalashtirish va kafolatlar taqdim etgan.

Loyiha qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish va energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha «O‘zbekiston — 2030» strategiyasi maqsadlariga, shuningdek, OTBning O‘zbekiston bilan 2024–2028 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik strategiyasiga mos keladi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.