Iqtisod

Senat IHT Toza energiya markazi Ustavini maʼqulladi

Senat IHT Toza energiya markazi Ustavini maʼqulladi
Senat IHT Toza energiya markazi Ustavini maʼqulladi / Foto: Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisida “Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Toza energiya markazi Ustavini (2021-yil 27-noyabr, Ashxobod) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Mazkur Ustav Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar o‘rtasida toza va qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish, energiya samaradorligini oshirish hamda past uglerodli iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikning huquqiy asoslarini belgilaydi.

Ustavga muvofiq Toza energiya markazi aʼzo davlatlar o‘rtasida hamkorlikni muvofiqlashtiradi, qayta tiklanuvchi energetika va energiya samaradorligi bo‘yicha mintaqaviy loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishga ko‘maklashadi, xalqaro moliyaviy va texnik resurslarni jalb etish, shuningdek, energetika sohasida tajriba va maʼlumot almashinuvini rivojlantirishga ko‘maklashadi.

Ustavning ratifikatsiya qilinishi O‘zbekistonning Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar bilan “yashil” energetika sohasidagi hamkorligini kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, xalqaro moliyaviy resurslar, grantlar va investitsiyalarni jalb etish imkoniyatlarini oshiradi.

Shu bilan birga, ilmiy-tadqiqot va kadrlar salohiyatini rivojlantirish, ilg‘or texnologiya va tajribalarni joriy etish hamda iqlim o‘zgarishiga qarshi mintaqaviy saʼy-harakatlarni birlashtirish uchun yangi imkoniyatlar yaratiladi.

Senatorlar taʼkidlaganidek, mazkur hujjatning amalga kiritilishi mamlakatimizning “yashil” iqtisodiyotga o‘tish, energiya samaradorligini oshirish va past uglerodli rivojlanish bo‘yicha maqsadlarini ro‘yobga chiqarish, shuningdek, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti doirasida energetika sohasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yana-da mustahkamlashga zamin yaratadi.

Senatorlar Qonunni maʼqulladi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.