Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov 29 sentyabr kuni Britaniyaning ARUP kompaniyasi mintaqaviy direktori Ilkay Chorgundag va ARUP Türkiye ijrochi direktori Tyulay Xatirnaz bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar hamkorlikni rivojlantirish va istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimligi xabar berdi.
Uchrashuv davomida mintaqa va kompaniya vakillari muhandislik, arxitektura va shaharsozlik sohalarida hamkorlik qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
Xayrullo Bozorov ARUP kompaniyasining xalqaro tajribasi va zamonaviy muhandislik yechimlarini qayd etdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Farg‘ona viloyati shaharlari va aholi punktlarini rivojlantirish, shuningdek, transport va muhandislik infratuzilmasini takomillashtirish masalalarida hamkorlik uchun katta salohiyat mavjud.
ARUP vakillari Farg‘ona viloyatining rivojlanish salohiyati hamda mintaqada amalga oshirilayotgan yirik loyihalar bilan tanishishga qiziqish bildirdi.
Ular, shuningdek, o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘nalishlarini belgilashdan manfaatdor ekanini taʼkidladi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha mavjud imkoniyatlardan samarali foydalangan holda istiqbolli loyihalarni birgalikda ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.