Iqtisod

IHT davlatlari mintaqaviy ishlab chiqarish zanjirlarini rivojlantirishga kelishdi

IHT davlatlari mintaqaviy ishlab chiqarish zanjirlarini rivojlantirishga kelishdi
IHT davlatlari mintaqaviy ishlab chiqarish zanjirlarini rivojlantirishga kelishdi / Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) davlatlari sanoat sohasida tizimli hamkorlikni qayta tiklash va investitsiyalar, texnologiyalar hamda ishlab chiqarish sohalaridagi kooperatsiyani kuchaytirishga kelishib oldi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.

23 sentyabr kuni Dushanbe shahrida IHTga aʼzo davlatlar sanoat vazirlarining 4-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda O‘zbekistonni investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Xurram Teshabayev vakillik qildi.

Tadbirda, shuningdek, Tashkilotga aʼzo davlatlarning tegishli idoralari rahbarlari, IHT bosh kotibi, shuningdek, MDH va YUNIDO vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilish so‘nggi 20 yil ichida IHT sanoat vazirlarining birinchi majlisi bo‘ldi.

Ushbu formatning qayta tiklanishi mamlakatlar o‘rtasida yana-da amaliy hamkorlikka o‘tishni nazarda tutadi. Bunda qo‘shma loyihalar, investitsiyalar, texnologiyalar almashinuvi va ishlab chiqarish aloqalarini rivojlantirishga asosiy eʼtibor qaratiladi.

O‘zbekiston tomoni maʼlumotlariga ko‘ra, IHT doirasidagi iqtisodiy aloqalar kengayishda davom etmoqda. 2025 yilda O‘zbekistonning Tashkilot davlatlari bilan tovar aylanmasi 14,3 milliard dollardan oshdi. 2026 yil yanvar–iyul oylarida ushbu ko‘rsatkich 20,7 foizga oshib, 8,9 milliard dollarga yetdi.

2025 yilda IHT davlatlaridan O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritilgan investitsiyalar 5,1 milliard dollardan oshgan bo‘lsa, 2026 yilning dastlabki yetti oyida 4,7 milliard dollarni tashkil etdi. Shu bilan birga, biznesning ishtiroki ham kengaymoqda: joriy yilda mamlakatda IHT davlatlari kapitali ishtirokida 1 000 dan ortiq yangi korxona tashkil etildi, ularning umumiy soni esa qariyb 7 mingtaga yetdi.

O‘zbekiston “ECO-Invest” uzoq muddatli dasturini qabul qilishni tezlashtirishni taklif qildi. Tashabbus istiqbolli loyihalarga xususiy kapital, banklar va xalqaro moliya tashkilotlarini jalb etish, sanoatni uzoq muddatli moliyalashtirish hajmini oshirish hamda mintaqaviy qo‘shilgan qiymat zanjirlarini rivojlantirishni nazarda tutadi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha mintaqaviy sanoat hamkorligini tiklash to‘g‘risidagi Dushanbe deklaratsiyasi qabul qilindi.

Hujjatda IHTning Mintaqaviy strategiyasini ishlab chiqish, sunʼiy intellekt va ilg‘or ishlab chiqarish texnologiyalarini joriy etish, sanoatni raqamlashtirish hamda Industriya 4.0 yechimlarini rivojlantirish nazarda tutilgan.

Kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, texnologiyalar transferi va xalqaro moliya institutlarini jalb etishga alohida eʼtibor qaratildi.

Hamkorlikni yana-da rivojlantirish maqsadida IHT davlatlari sanoat vazirlarining yig‘ilishlarini kamida ikki yilda bir marta o‘tkazishga kelishib oldi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.