Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidentining 2 oktyabrdagi qarori bilan 17 ta oliy taʼlim muassasasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimiga o‘tkazildi.
Ular orasida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimidagi 14 ta OTM hamda Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi 3 ta OTM bor.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimidan Andijon, Buxoro, Guliston, Kattaqo‘rg‘on, Namangan, Nukus, Samarqand, Termiz, Urganch va Shahrisabz davlat pedagogika institutlari, Jizzax va Chirchiq davlat pedagogika universitetlari, O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti, shuningdek, Toshkent shahridagi Puchon universiteti o‘tkazildi.
Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimidan esa «Yangi O‘zbekiston» universiteti, Al-Xorazmiy universiteti hamda Isʼhoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti vazirlik tasarrufiga o‘tkazildi.
Shu qaror bilan O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti Nizomiy Ganjaviy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti deb qayta nomlandi.
Oliy taʼlim muassasalari bilan birga Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga pedagog kadrlar tayyorlash sohasida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining vakolatlari ham o‘tkazildi.
Endilikda vazirlik yagona konseptual yondashuv asosida oliy maʼlumotli pedagoglarni tayyorlash siyosatini amalga oshiradi hamda pedagogik taʼlimni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi.
Bundan tashqari, vazirlik pedagogik taʼlimning izchilligi va uzluksizligini taʼminlash, o‘quv-tarbiya jarayoniga ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalarini joriy etish, pedagogika sohasida ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirish, shuningdek, pedagog kadrlar tayyorlaydigan OTMlarni boshqarish tizimini takomillashtirish uchun masʼul bo‘ladi.