Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Andijon va Farg‘ona viloyatlarida o‘tkazilgan uchta tezkor tadbir davomida katta miqdorda kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari, holatlarning birida esa 200 gramm gashish aniqlanib, musodara qilindi.
Andijon viloyatining Izboskan tumanida Davlat xavfsizlik xizmati boshqarmasi xodimlari Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari hamda viloyat bojxona boshqarmasi vakillari bilan hamkorlikda Toshkent shahri tomon harakatlanayotgan Lacetti avtomobilini to‘xtatdi.
Avtomobilni boshqargan Toshkent viloyati Bekobod shahrida yashovchi, 1986 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxsning avtomashina salonidan 1 400 dona kuchli taʼsir qiluvchi “Regapen” dori vositasi aniqlandi.
Yana bir holat Farg‘ona viloyati DXX boshqarmasi xodimlari tomonidan bojxona va huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari bilan hamkorlikda Qo‘qon shahrida aniqlandi. 1976 yilda tug‘ilgan mahalliy fuqaroning sumkasidan 1 092 dona “Regapen” dori vositasi hamda 200 gramm “gashish” giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.
Bundan tashqari, Uchko‘prik tumanida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari Marg‘ilon — Qo‘qon yo‘nalishida harakatlanayotgan VAZ 21017 avtomobilini to‘xtatdi.
Qo‘qon shahrida yashovchi, 1985 yilda tug‘ilgan shaxs boshqargan avtomobil salonidan 99 dona kuchli taʼsir qiluvchi “Tropikamid” dori vositasi aniqlandi. Olib qo‘yilgan dori vositalari belgilangan protsessual tartibda rasmiylashtirildi.
Shunday qilib, uchta tezkor tadbir doirasida jami 2 591 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasi hamda 200 gramm gashish olib qo‘yildi.
Barcha uchta holat bo‘yicha yuqorida ko‘rsatilgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.