O‘zbekiston

O‘zbekistonda “Umra” ziyoratini tashkil etishda firibgarlik aniqlandi

O‘zbekistonda “Umra” ziyoratini tashkil etishda firibgarlik aniqlandi
O‘zbekistonda “Umra” ziyoratini tashkil etishda firibgarlik aniqlandi / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida “Umra” ziyoratiga borish safarlarini qonunga xilof ravishda tashkil etish bilan bog‘liq ikki holat aniqlandi. Har ikki holat bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Toshkent viloyati Toshkent tumanida 42 yoshli erkak tegishli litsenziyaga ega bo‘lmagan holda poytaxtlik fuqaroning ishonchiga kirgan va tanishlari orqali “Umra” ziyoratini ado etish uchun Saudiya Arabistoniga safarni tashkil etish evaziga undan 1100 AQSH dollari talab qilgan.

DXX, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Ichki ishlar vazirligi xodimlari erkakni 1000 AQSH dollari va 1,2 million so‘mni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olgan.

Shunga o‘xshash yana bir holat Farg‘ona viloyatida aniqlangan. DXX xodimlari ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbir davomida Dang‘ara tumanida faoliyat yurituvchi turistik firma menejeri fosh etilgan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar maʼlumotiga ko‘ra, u Uchko‘prik tumanida yashovchi ikki fuqaroni “Umra” ziyoratiga olib borishni tashkil etish uchun 2200 AQSH dollari olgan.

Har ikki ish bo‘yicha figurantlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.