O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
Iqtisod

O‘zbekistonda gaz ballonli avtomobillar uchun yangi qoidalar tushuntirildi

Dilafro'z Niyazova · 04.09.2026 · 15:00 · 37 views
O‘zbekistonda gaz ballonli avtomobillar uchun yangi qoidalar tushuntirildi
O‘zbekistonda gaz ballonli avtomobillar uchun yangi qoidalar tushuntirildi / Foto: Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda 1 sentyabrdan gaz balloni o‘rnatilgan avtomobillar yonilg‘i quyish shoxobchalaridan ommaviy ravishda qaytarilmaydi, haydovchilardan esa bir vaqtning o‘zida QR-kod olish talab etilmaydi.

Yangi tartib faqat gaz ballonini navbatdagi texnik guvohlantirishdan o‘tkazish muddati kelgan holatlarga nisbatan qo‘llaniladi. Bu haqda Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi maʼlum qildi.

Tushuntirishlar 1 sentyabrdan barcha gaz ballonli avtomobil egalari tekshiruvdan o‘tishi va QR-kod olishi shart bo‘ladi, degan xabarlar tarqalayotgani fonida eʼlon qilindi.

Qo‘mita taʼkidlashicha, amaldagi texnik guvohlantirish muddati hali tugamagan haydovchilar mavjud hujjatlari asosida avtomobillaridan foydalanishda davom etishlari mumkin. 1 sentyabrdan ularga qayta tekshiruvdan o‘tish yoki zudlik bilan yangi QR-kod rasmiylashtirish talab etilmaydi.

Tekshiruv belgilangan texnik guvohlantirish muddati kelganidan keyin rejali tartibda o‘tkaziladi.

Tekshiruv natijalari elektron tizimga kiritiladi, shundan so‘ng QR-kod ko‘rsatilgan tegishli hujjat rasmiylashtiriladi. Shu tariqa, yangi tartib barcha haydovchilarning bir vaqtning o‘zida laboratoriyalarga murojaat qilishini nazarda tutmaydi.

Tizim Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 18 iyundagi 315-son qaroriga muvofiq joriy etilgan. Uning asosiy vazifalaridan biri gaz ballonlarining texnik holatini nazorat qilish, qalbaki hujjatlardan foydalanishning oldini olish hamda gaz uskunalari bilan bog‘liq avariyalar va boshqa hodisalar xavfini kamaytirishdan iborat.

Masalan, agar gaz balloni 2025 yil mart oyida texnik guvohlantiruvdan o‘tgan bo‘lsa va berilgan hujjat 2028 yil mart oyigacha amal qilsa, 1 sentyabrdan keyin qayta tekshiruvdan o‘tish talab etilmaydi. Haydovchi shuningdek zudlik bilan QR-kod olishi shart emas va amaldagi hujjat asosida avtomobildan foydalanishda davom etishi mumkin.

Agar guvohlantiruv muddati 2026 yil 1 sentyabrdan keyin tugaydigan bo‘lsa, belgilangan muddat kelganida rejali tekshiruvdan o‘tish, uning natijalarini elektron tizimga kiritish va QR-kod ko‘rsatilgan hujjatni rasmiylashtirish zarur.

Avtomobilga yangi gaz balloni o‘rnatilganda ham uni tekshirish va hujjatlarni rasmiylashtirish belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Qo‘mita yangi tartib, avvalo, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash hamda ularning hayoti va salomatligini himoya qilishga qaratilganini taʼkidladi.

Yangi talablar bilan bog‘liq masalalar yuzasidan, shuningdek shubhali holatlar yoki fuqarolarning qonunga xilof harakatlari haqida maʼlumot mavjud bo‘lsa, Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining ishonch telefoniga murojaat qilish mumkin: 71 203-02-39.