Iqtisod

O‘zbekistonda agrosanoat sohasiga moliyaviy ko‘mak kengaytiriladi

O‘zbekistonda agrosanoat sohasiga moliyaviy ko‘mak kengaytiriladi
O‘zbekistonda agrosanoat sohasiga moliyaviy ko‘mak kengaytiriladi / Foto: O'zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralari kengaytirilmoqda.

Prezident «Agrar sohani moliyaviy qo‘llab-quvvatlash samaradorligini oshirish va xatarlarni boshqarish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni qabul qildi.

Hujjat qishloq xo‘jaligi subyektlariga qator subsidiyalar ajratilishini nazarda tutadi.

2026 yil hosili uchun to‘rtinchi va beshinchi nav paxta bundan mustasno, har bir tonna paxta xomashyosi uchun 500 ming so‘m miqdorida subsidiya beriladi.

Paxta-to‘qimachilik klasterlari va ular taʼsischilari bo‘lgan korxonalarga 2026 yilda paxta yetishtirilgan, ularga biriktirilgan har bir gektar yer maydoni uchun 1,5 million so‘mdan ajratiladi.

Chorvachilik xo‘jaliklari uchun 2027–2029 yillarda asosiy maydonlarda ozuqa ekinlari yetishtiriladigan har bir gektar ekin maydoni uchun har yili 500 ming so‘m miqdorida subsidiya berish nazarda tutilgan.

To‘lovni amalga oshirish uchun Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligining xulosasi asos bo‘ladi.

Bundan tashqari, tadbirkorlarga 2026 yil 1 oktyabrdan 2027 yil 1 iyunga qadar import qilinadigan sovutilgan mol va qo‘y go‘shtining har bir kilogrammi uchun 2,5 ming so‘mdan to‘lab beriladi.

2027 yil 1 yanvardan 2028 yil 1 yanvarga qadar huquqiy eksperiment doirasida qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etish xarajatlarining bir qismini subsidiyalash mexanizmini joriy etish rejalashtirilmoqda.

To‘lovlar «Natijadorlikka asoslangan subsidiya» tamoyili bo‘yicha amalga oshiriladi.

Bunday subsidiya miqdori oluvchining xarajatlari, shuningdek, hosildorlik, mahsulot sifati va boshqa natijalar ko‘rsatkichlarini hisobga olgan holda belgilanadi.

Qaror qishloq xo‘jaligi korxonalarini sug‘urtalash tizimiga o‘zgartishlar kiritishni ham nazarda tutadi.

Uch yil davomida sug‘urta hodisasi sodir bo‘lmagan xo‘jaliklarga to‘rtinchi yildan boshlab sug‘urta mukofoti bo‘yicha 10 foizdan 20 foizgacha chegirma beriladi.

Bunda sug‘urta mukofotlarining 3–5 foizi oldini olish chora-tadbirlarini moliyalashtirish uchun zaxiraga yo‘naltiriladi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.