Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Ummon investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi. / Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi.
O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov 6 oktyabr kuni Ummonning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Vafa Jabr Nosir al-Busaidiy bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy munosabatlarning joriy holati va ularni yana-da rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.
Ikki tomonlama loyihalar portfeliga kiritilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashda to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarning ahamiyati ham qayd etildi. 4 iyuldan boshlab Oman Air aviakompaniyasi Masqat–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha haftasiga ikki marta muntazam to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni amalga oshirmoqda.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha tomonlar rejalashtirilgan ikki tomonlama tadbirlarga tayyorgarlikni o‘z vaqtida yakunlash hamda erishilgan kelishuvlarni amaliy jihatdan ilgari surishni taʼminlashga kelishib oldi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston va Ummon savdo-iqtisodiy hamda investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha tizimli ishlarni davom ettirish niyatida.