Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Slovakiya o‘zaro tovar aylanmasini 300 million dollarga yetkazish hamda investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish niyatida. Ushbu masalalar 15 oktyabr kuni Bratislavada bo‘lib o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston — Slovakiya hukumatlararo komissiyasining ikkinchi yig‘ilishida muhokama qilindi.
Yig‘ilish O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Akram Aliyev hamda Slovakiya Iqtisodiyot vazirligi davlat kotibi Vladimir Shimonyak hamraisligida o‘tdi.
Tomonlar sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va avtomobilsozlik, energetika, farmatsevtika, transport infratuzilmasi hamda raqamlashtirish sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini ko‘rib chiqdi.
Uchrashuv doirasida Matador Holding, DATAPAC, Betamont, Saneca Pharmaceuticals, MicroStep-MIS va SOITRON kompaniyalari vakillari bilan ham muzokaralar o‘tkazildi. Ishtirokchilar kelgusidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab oldi.
Yig‘ilish yakunida erishilgan kelishuvlarni mustahkamlovchi protokol imzolandi. Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini 2027 yil iyun oyida Toshkentda o‘tkazish rejalashtirilgan.