Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) iqtisodiy islohotlar, davlat moliyasini boshqarish va fiskal siyosat samaradorligini oshirish masalalari bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.
Ushbu masalalar 2026 yil 16 oktyabr kuni Bangkokda O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovning XVJning Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo departamenti direktori Jihad Azur bilan uchrashuvida muhokama qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligining Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi xabar berdi.
Muzokaralar XVJ va Jahon bankining yillik yig‘ilishlari doirasida bo‘lib o‘tdi. Unda jamg‘armaning tegishli departamenti direktori o‘rinbosari Tanos Arvanitis, O‘zbekiston Markaziy banki raisining o‘rinbosari Nodirbek Ochilov, iqtisodiyot va moliya vazirining maslahatchisi Jasur Qarshiboyev hamda boshqa idoralar vakillari ham ishtirok etdi.
Tomonlar O‘zbekistondagi joriy iqtisodiy va moliyaviy jarayonlar, mamlakat rivojlanishining o‘rta muddatli istiqbollari hamda jamg‘arma bilan hamkorlikni yana-da kengaytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.
Muhokamalarning asosiy mavzularidan biri mamlakatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘ldi. Ishtirokchilar davlat moliyasini boshqarishni takomillashtirish va fiskal siyosat samaradorligini oshirish yuzasidan fikr almashdilar.
Davlat xarajatlarini tahlil qilish vositalarini rivojlantirish, byudjetni rejalashtirish va prognozlash tizimini takomillashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, XVJning texnik ko‘magida fiskal qarorlarning iqtisodiy va ijtimoiy taʼsirini baholash yondashuvlari muhokama qilindi.
Hamkorlikning boshqa yo‘nalishlari sifatida davlat korxonalarini xususiylashtirish va transformatsiya qilish, pensiya tizimini isloh etish, soliq va bojxona maʼmuriyatchiligini takomillashtirish, shuningdek, pul-kredit siyosati samaradorligini oshirish qayd etildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishni davom ettirish va ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan fikr almashib borishga kelishib oldilar.