British Council O‘zbekiston OTMlari uchun dastur boshladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — British Council (Britaniya Kengashi) Oliy taʼlimda nogironligi bo‘lgan shaxslarni inklyuziya qilish sohasida Buyuk Britaniya va O‘zbekiston universitetlarining qo‘shma loyihalarini qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutuvchi Disability Inclusion Partnerships 2026 dasturida ishtirok etish uchun arizalar qabul qilishni boshladi. Dastur doirasida har bir qo‘shma loyiha uchun 25 ming funt sterlinggacha mablag‘ ajratilishi mumkin. Bu haqda British Council xabar berdi.
Dastur oliy taʼlim sohasida nogironligi bo‘lgan shaxslarni inklyuziya qilish bilan bog‘liq tadqiqotlar va amaliy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Tashabbus doirasida talablarga javob beradigan Britaniya oliy taʼlim muassasalari O‘zbekistonni ham o‘z ichiga olgan 10 ta ishtirokchi davlatdagi hamkor tashkilotlar bilan birlashadi.
Dastur ishtirokchilari nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mavjud to‘siqlarni o‘rganishi hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha amaliy va barqaror yechimlarni ishlab chiqishi kerak. Har bir loyihani amalga oshirish uchun hamkorlikka 25 ming funt sterlinggacha mablag‘ ajratilishi mumkin.
Ariza Buyuk Britaniya universiteti va O‘zbekiston universiteti tomonidan birgalikda tayyorlanishi lozim. Bunda Britaniya muassasasi asosiy ariza beruvchi sifatida ishtirok etadi va akademik darajalar berish huquqiga ega bo‘lishi kerak. O‘zbekiston universiteti ham dasturda ishtirok etish bo‘yicha qo‘llanmada ko‘rsatilgan talablarga javob berishi lozim.
Moliyalashtirish tadqiqotlar o‘tkazish, ehtiyojlarni tahlil qilish, amaliy tadqiqotlar olib borish, kontent ishlab chiqish, shuningdek, rahbarlar, xodimlar va talabalarni nogironlik va inklyuziya masalalari bo‘yicha o‘qitishga yo‘naltirilishi mumkin. Shu bilan birga, dastur mablag‘laridan texnologiya yoki uskunalar xarid qilish uchun foydalanish mumkin emas.
Loyihalarning davomiyligi 17 oyni tashkil etadi va ular 2027 yil 1 yanvardan boshlanadi.
Qo‘shma arizalar Buyuk Britaniyadagi asosiy muassasalar tomonidan Good Grants platformasi orqali topshiriladi. Tanlov shartlari bo‘yicha savollarni yuborish muddati 2026 yil 11 sentyabrga qadar belgilangan.
Arizalarni topshirishning so‘nggi muddati — 2026 yil 21 sentyabr, Britaniya yozgi vaqti (BST) bilan soat 11:00.
British Council dastur nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari va farovonligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tashkilot faoliyati doirasida amalga oshirilayotganini taʼkidladi. Tashkilot keltirgan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga ko‘ra, dunyoda qariyb 1,3 milliard kishi yoki jahon aholisining taxminan 15 foizi sog‘liq imkoniyatlarida jiddiy cheklovlarga ega.
British Council madaniy aloqalar va taʼlim sohasida faoliyat yurituvchi Buyuk Britaniya xalqaro tashkilotidir. Tashkilot sanʼat va madaniyat, taʼlim hamda ingliz tili yo‘nalishlarida faoliyatni rivojlantiradi va 200 dan ortiq mamlakat va hududlardagi insonlar bilan ishlaydi. 2024–2025 yillarda tashkilot auditoriyasi 600 million kishini tashkil etgan.