Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Belarus turizm sohasida hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi. Jumladan, sayyohlar almashinuvini ko‘paytirish, Toshkent va Minsk o‘rtasidagi aviaqatnovlarni rivojlantirish, shuningdek, ikki mamlakat turizm sohasi vakillari o‘rtasidagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi xabar berdi.
Turizm qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Sanjar Tojiyevning Belarus Hukumati huzuridagi Milliy turizm agentligi direktori Kirill Masharskiy bilan uchrashuvi 24–26 sentyabr kunlari Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tayotgan Dushanbe International Tourism Expo (DITE 2026) xalqaro turizm ko‘rgazmasi doirasida tashkil etildi.
Tomonlar Toshkent–Minsk yo‘nalishidagi aviaqatnovlardan yana-da samarali foydalanish, shuningdek, turizm idoralari, turoperatorlar va xususiy sektor vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni faollashtirish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida madaniy-maʼrifiy, oilaviy, tibbiy hamda sanatoriy-kurort turizmi belgilandi. Uchrashuv ishtirokchilari, shuningdek, kasaba uyushmalari orqali dam olish, davolanish va reabilitatsiyani tashkil etish, ekoturizm sohasida tajriba almashish hamda axborot turlarini o‘tkazish masalalarini ko‘rib chiqdi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Belarus Milliy turizm agentligi va mamlakat turizm industriyasi vakillari 31-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi — «Ipak yo‘lida turizm» (TMTYA–2026)da milliy stend bilan ishtirok etishga taklif qilindi.
Tomonlar erishilgan kelishuvlar bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish va turizm sohasida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga tayyor ekanini tasdiqladi.