Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda jinoiy daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qiruv qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida kriptoaktivlar aylanmasi ishtirokchilari uchun ichki nazorat qoidalariga o‘zgartirishlar kiritildi.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining qo‘shma qarori 2026 yil 28 sentyabrda davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi va rasmiy eʼlon qilingan kundan kuchga kiradi.
O‘zgartirishlar «Kriptoaktivlar aylanmasi sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi shaxslar uchun jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qiruv qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi ichki nazorat qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarorga kiritildi.
Hujjat kriptoaktivlar aylanmasi sohasida xizmat ko‘rsatuvchi provayderlarning ichki nazorat tizimini shakllantirish va uning faoliyatini tashkil etish tartibini takomillashtirishni nazarda tutadi.
Alohida o‘zgartishlar mijozlarni lozim darajada tekshirish tartibiga taalluqli. Jumladan, shaxsiy maʼlumotlarning haqqoniyligini tasdiqlash uchun tashkilotlar xizmatlaridan foydalanish masalalari, shuningdek, shubhali operatsiyalar haqida xabarlarni yuborish tartibi aniqlashtirildi.
Bundan tashqari, ichki nazorat tizimi samaradorligini monitoring qilish mexanizmi aniqlashtirilib, qo‘llaniladigan atamalar amaldagi qonunchilikka muvofiqlashtirildi.
Hujjatning qabul qilinishi kriptoaktivlar aylanmasi sohasida jinoiy yo‘l bilan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qiruv qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish tizimini yana-da takomillashtirishga qaratilgan.
Shuningdek, o‘zgartishlar mazkur sohada xalqaro standartlarni implementatsiya qilish va kriptoxizmatlar provayderlaridan huquqqa xilof faoliyatda foydalanish xavflarini kamaytirishga qaratilgan.