Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Markaziy Osiyoda havo orqali yuk tashish sohasi eng tez rivojlanayotgan bozorlardan biriga aylandi. 2019–2024 yillarda mamlakatda havo orqali tashilgan yuklar hajmi 182 foizga oshdi.
Bu haqda O‘zbekiston Transport vazirligi Havo transporti boshqarmasi boshlig‘i Jamoliddin Nazarov Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan Central Asia Air Cargo III xalqaro aviatsiya sammitida maʼlum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekiston aeroportlari orqali 98 ming tonna yuk tashilgan. 2026 yilning birinchi yarmida esa havo orqali yuk tashish hajmi yana 33 foizga oshgan.
Sohaning rivojlanishiga mamlakatning geografik joylashuvi, «Ochiq osmon» siyosati hamda aviatsiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar xizmat qilmoqda. O‘zbekistonda Navoiy xalqaro aeroporti bazasida yuk xabini rivojlantirish, yangi yuk terminallarini qurish va xalqaro aviakompaniyalarni jalb qilish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda.
Mamlakatda havo orqali yuk tashish bozorini yana-da kengaytirish bo‘yicha uzoq muddatli vazifalar ham belgilangan. Xususan, 2036 yilga qadar tashiladigan yuklar hajmini 300 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
Ushbu maqsadga erishish uchun aeroport infratuzilmasini rivojlantirish, logistika imkoniyatlarini kengaytirish va sohada xalqaro standartlarni joriy etish ko‘zda tutilgan.
«O‘zbekiston xalqaro havo orqali yuk tashish bozori ishtirokchilari uchun ochiq va yangi imkoniyatlarni taklif qilmoqda», — dedi Jamoliddin Nazarov.