Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Janubiy Koreyaga ishchi tashrifi doirasida Inxa universiteti prezidenti Ki Yon Chxve bilan uchrashdi.
Tomonlar Toshkentdagi Inxa universitetini yana-da rivojlantirish, shuningdek, uning O‘zbekiston va Janubiy Koreyadagi kampuslari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar berdi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Toshkentdagi Inxa universiteti va Janubiy Koreyadagi Inxa universiteti yangi besh yillik Royalty Agreement kelishuvini imzoladi.
Hujjat akademik dasturlarni yangilash, talabalar hamda professor-o‘qituvchilar almashinuvini kengaytirish, shuningdek, qo‘shma magistratura va ilmiy-tadqiqot dasturlarini yo‘lga qo‘yishni nazarda tutadi.
Tomonlar Inxa universitetining Farg‘ona kampusini rivojlantirishga ham alohida eʼtibor qaratdi. Sunʼiy intellekt, kiberxavfsizlik, muhandislik va kosmik texnologiyalar sohalarida qo‘shma taʼlim va ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, tomonlar PhD dasturlari va ilmiy stajirovkalarni rivojlantirish, Summer School tashkil etish hamda Farg‘ona kampusining salohiyatini oshirish choralarini ko‘rib chiqdi.
Vazirlik taʼkidlashicha, erishilgan kelishuvlar O‘zbekistonda zamonaviy IT mutaxassislarini tayyorlash, taʼlim va ilmiy tadqiqotlar sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, Inxa universitetining taʼlim imkoniyatlarini oshirishga qaratilgan.