Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va IAOM Eurasia donni qayta ishlash va un sanoati sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi xabar berdi.
25 sentyabr kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahabov IAOM Eurasia direktori, Ulusoy Mills kompaniyasi direktorlar kengashi raisi doktor Eren Gyunxan Ulusoy boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Tomonlar donni qayta ishlash va un ishlab chiqarish sohasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalariga asosiy eʼtibor qaratdi. Xususan, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ilg‘or tajriba almashish hamda o‘zbekistonlik va xorijlik tadbirkorlar o‘rtasida yangi ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda, shuningdek, 28–29 sentyabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan IAOM Eurasia‘ning beshinchi yillik konferensiyasi va ko‘rgazmasiga tayyorgarlik masalalari ko‘rib chiqildi.
Xalqaro tadbir doirasida don va un bozorlaridagi vaziyat hamda zamonaviy tendensiyalar, sohani rivojlantirishning dolzarb masalalari va istiqbollari, shuningdek, savdo, logistika va mintaqaviy integratsiya masalalarini muhokama qilish rejalashtirilmoqda. Dasturdan un ishlab chiqarishda zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash masalalari ham alohida o‘rin oladi.
Savdo-sanoat palatasi konferensiya va ko‘rgazmada mahalliy tadbirkorlik subyektlarining faol ishtirokini taʼminlash uchun ularga amaliy ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv ishtirokchilarining baholashicha, tadbir o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarning xorijiy kompaniyalar, xalqaro tashkilotlar va soha mutaxassislari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik qilishi uchun imkoniyat yaratadi.
Kutilayotgan ish yo‘nalishlari qatorida ilg‘or tajribani o‘rganish, yangi hamkorlarni izlash va istiqbolli biznes loyihalarini muhokama qilish bor.
Konferensiya va ko‘rgazmaning o‘tkazilishi donni qayta ishlash va un sanoati sohasida ishbilarmonlik aloqalarini yana-da rivojlantirish maydoni sifatida ham ko‘rib chiqilmoqda.