Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Avstriyadan O‘zbekistonga simmental zotli 150 bosh nasldor yirik shoxli qoramol olib kelindi.
Yetkazib berish ishlarini chorvachilikni naslchilik asosida rivojlantirish va aholi daromadlarini oshirish loyihasi doirasida Uzagrostar xoldingi tomonidan taʼsis etilgan Navoiy - Agro Star kompaniyasi amalga oshirdi.
Loyiha Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Tarmoq bozorlari va mehnat unumdorligini tadqiq etish markazi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Simmental zoti go‘sht-sut yo‘nalishiga mansub bo‘lib, yuqori mahsuldorligi, chidamliligi va turli iqlim sharoitlariga moslasha olish qobiliyati bilan ajralib turadi.
Loyiha tashkilotchilari maʼlum qilishicha, Avstriyadan olib kelingan barcha nasldor chorva mollarini aholiga ustama qo‘yilmagan narxda taqdim etish rejalashtirilmoqda. Bu aholi o‘rtasida naslchilik chorvachiligini rivojlantirish imkoniyatlarini kengaytirishi kutilmoqda.
Nasldor chorva mollari sonining ko‘payishi chorvachilik mahsuldorligini oshirish va tarmoqni rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishi kutilmoqda.