O‘zbekiston

O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon va Pokiston mashg‘ulot o‘tkazdi

O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon va Pokiston mashg‘ulot o‘tkazdi
O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon va Pokiston mashg‘ulot o‘tkazdi / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon va Pokiston harbiy xizmatchilari O‘zbekistonda o‘tkazilgan «Abadiy birodarlik-V» xalqaro maxsus taktik o‘quv-mashg‘ulotlarida ishtirok etdi. Mashg‘ulotlar qariyb 10 kun davom etib, nazariy va amaliy tayyorgarlikni qamrab oldi.

O‘quv-mashg‘ulotlar Quruqlikdagi qo‘shinlar institutidagi tantanali ochilish marosimi bilan boshlandi.

Tayyorgarlik jarayonida harbiy xizmatchilar maxsus operatsiyalarni o‘tkazishda o‘zaro hamkorlik qilish, tajriba almashish va zamonaviy jangovar harakatlarga yaqin sharoitlarda taktik vazifalarni bajarish ko‘nikmalarini takomillashtirish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazdi.

Dasturdan o‘q otish, tog‘, maxsus-taktik, muhandislik-taktik va tibbiy tayyorgarlik bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘rin oldi. Uchuvchisiz uchish apparatlaridan amaliy foydalanish va ularga qarshi kurashishga alohida eʼtibor qaratildi.

Uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanilgan amaliy mashg‘ulotlar davomida harbiy xizmatchilar shartli dushman joylashgan hududni aniqlab, razvedka ishlarini olib bordi. Shundan so‘ng shahar sharoitida shartli noqonuniy qurolli guruhlarni qo‘lga olish va yo‘q qilish bo‘yicha maxsus operatsiya amalga oshirildi.

Shuningdek, ishtirokchilar belgilangan hududlarga desant tushirish, uchuvchisiz uchish apparatlarini yo‘q qilish va belgilangan nishonlarga zarba berish bo‘yicha mashg‘ulotlarni bajardi.

III darajali serjant Abpop Xudoyqulov o‘quv-mashg‘ulotlar doirasida harbiy xizmatchilar uchuvchisiz uchish apparatlariga qarshi kurashish va kichik guruhlar tarkibida binolarni egallash bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazganini taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday mashg‘ulotlar turli sharoitlarda o‘zaro hamkorlik qilish va vazifalarni birgalikda bajarish ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qilgan.

Ozarbayjon vakili praporщik Ravshan Amirli o‘quv-mashg‘ulotlar davomida turli mamlakatlar harbiy xizmatchilari umumiy vazifalar atrofida birlashgani va zamonaviy jangovar harakatlarni olib borish usullarini o‘rganganini bildirdi.

Turkiya Qurolli kuchlari podpolkovnigi Chetin Toraman nazariy va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish hamda tajriba almashish imkoniyati mavjud bo‘lganini taʼkidladi.

O‘quv-mashg‘ulotlar yakunlangach, ularning bosqichlari va bajarilgan vazifalar tahlil qilindi, ishtirokchilar esa fikr almashdi. Mashg‘ulotlarda faol ishtirok etgan harbiy xizmatchilar mukofotlandi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.