Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston sport rahbariyati vakillari 2026 yilgi Aichi–Nagoya yozgi Osiyo o‘yinlari doirasida Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) prezidenti Kirsti Koventri va yetakchi xalqaro sport tashkilotlari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi xabar berdi.
Muzokaralarda Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov hamda World Aquatics Ijroiya qo‘mitasi byurosi aʼzosi, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva ishtirok etdi.
Tomonlar xalqaro sport hamjamiyati doirasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish istiqbollari va olimpiya harakatini qo‘llab-quvvatlash masalalarini ko‘rib chiqdi.
Sportchilar uchun zarur sharoitlarni yaratish va yirik xalqaro musobaqalarni sifatli tashkil etishga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv ishtirokchilari xalqaro sport tashkilotlari doirasida hamkorlik va o‘zaro aloqalarni yana-da rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.