Shoshilinch
Sport

O‘zbekistonda shaxmatchilar uchun medallarga yangi pul mukofotlari belgilandi

O‘zbekistonda shaxmatchilar uchun medallarga yangi pul mukofotlari belgilandi
O‘zbekistonda shaxmatchilar uchun medallarga yangi pul mukofotlari belgilandi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda nufuzli xalqaro musobaqalarda medallarni qo‘lga kiritgan shaxmatchilar va ularning murabbiylari uchun bir martalik pul mukofotlari miqdori oshirildi. Tegishli qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 21 sentyabrdagi PQ–346-sonli qarori bilan qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, kattalar o‘rtasidagi Jahon shaxmat Olimpiadasi va Paralimpiadasida oltin medal uchun sportchiga 200 ming dollar, kumush medal uchun 100 ming dollar, bronza medal uchun 50 ming dollar to‘lanadi. Murabbiylar uchun esa tegishli ravishda 50 ming, 25 ming va 12,5 ming dollar miqdorida mukofot belgilangan.

Yoshlar o‘rtasidagi Jahon shaxmat Olimpiadasi va Paralimpiadasida sportchilar uchun mukofot miqdori oltin medal uchun 20 ming dollar, kumush medal uchun 10 ming dollar va bronza medal uchun 5 ming dollardan iborat bo‘ladi. Murabbiylarga tegishli ravishda 5 ming, 2,5 ming va 1 250 dollar to‘lanadi.

Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) tasnifi bo‘yicha jahon darajasidagi musobaqalarda medal qo‘lga kiritgan shaxmatchilarga oltin medal uchun 15 ming dollar, kumush medal uchun 7 500 dollar va bronza medal uchun 3 750 dollar miqdorida to‘lov nazarda tutilgan. Murabbiylar uchun esa tegishli ravishda 7 ming, 3 500 va 1 750 dollar belgilangan.

FIDE tasnifi bo‘yicha Osiyo darajasidagi musobaqalarda sportchilarga oltin medal uchun 10 ming dollar, kumush medal uchun 5 ming dollar va bronza medal uchun 2 500 dollar to‘lanadi. Murabbiylar mukofoti esa tegishli ravishda 5 ming, 2 500 va 1 250 dollarni tashkil etadi.

Sportchiga xalqaro grossmeyster unvoni berilgani uchun alohida 5 ming dollar miqdorida to‘lov ham nazarda tutilgan.

Qarorda murabbiylarga mo‘ljallangan to‘lovlarni taqsimlash tartibi ham belgilangan. Mablag‘ni sportchini so‘nggi bir yil davomida tayyorlagan murabbiy oladi. Shu bilan birga, tegishli murabbiylar kengashining qaroriga ko‘ra, mukofot so‘nggi to‘rt yil davomida sportchini tayyorlashda ishtirok etgan ushbu murabbiy va boshqa mutaxassislar o‘rtasida taqsimlanishi mumkin.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.