Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi professional futbol klublarini tadbirkorlar yoki tadbirkorlar guruhlariga ishonchli boshqaruvga berish bo‘yicha tanlov eʼlon qildi.
Tanlov O‘zbekiston Prezidentining 2026 yil 24 martdagi «Sport sohasini moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish va tadbirkorlik subyektlarini sohaga jalb etishni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori 12-bandi “b” kichik bandiga muvofiq o‘tkazilmoqda.
Ishonchli boshqaruvga 11 ta professional futbol klubini berish rejalashtirilgan. Ular qatoriga “Bunyodkor”, “Buxoro”, “Dinamo”, “Qizilqum”, “Navbahor”, “Nasaf”, “Neftchi”, “Lokomotiv”, “Mashʼal”, OKMK va “Paxtakor” kiradi.
Tanlovda tegishli professional futbol klubi faoliyati bilan bog‘liq yillik xarajatlarning kamida 20 foizi miqdorida homiylik mablag‘larini kiritgan tadbirkorlar yoki tadbirkorlar guruhlari ishtirok etishi mumkin.
Klublarni ishonchli boshqaruvga qabul qilgan tadbirkorlar uchun qator imtiyozlar nazarda tutilgan.
Jumladan, foyda solig‘ini hisoblashda yuridik shaxslarning soliq solinadigan foydasi klublar faoliyatini homiylik xayriyalari shaklida moliyalashtirishga yo‘naltirilgan mablag‘lar miqdoriga kamaytirilishi mumkin. Bunday kamaytirish miqdori soliq solinadigan foydaning 10 foizidan oshmasligi lozim.
Klub futbolchilari uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilish nazarda tutilgan. Ular uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilanadi.
Tijorat banklari likvid garov taʼminoti mavjud bo‘lgan taqdirda, klub balansidagi bino, inshoot va yer uchastkalari bundan mustasno, shuningdek, istiqbolli biznes-rejalar asosida klublarni sotib olish yoki sport obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash uchun besh yil muddatga kreditlar ajratadi. Kredit foiz stavkasi yillik 14 foizni tashkil etadi, bunda bir yillik imtiyozli davr nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, sportni ommalashtirish va targ‘ib qilishga qaratilgan translyatsiyalar vaqtida O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tizimidagi markaziy va hududiy telekanallarda o‘z mahsuloti yoki xizmatlarini reklama qilishda tadbirkorlarga 50 foizlik chegirma beriladi.
Murojaatlar uchun O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi quyidagi elektron manzilni ko‘rsatgan: sh.khodjimurotov@ufa.uz.