Iqtisod

Rossiya delegatsiyalari Farg‘ona viloyati salohiyati bilan tanishdi

Rossiya delegatsiyalari Farg‘ona viloyati salohiyati bilan tanishdi
Rossiya delegatsiyalari Farg‘ona viloyati salohiyati bilan tanishdi / Foto: Farg'ona viloyati hokimiyati matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyatida 5–6 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi hududlar kengashining III majlisi doirasida tadbirlar boshlandi.

Rossiyadan tashrif buyurgan delegatsiyalar hududning sanoat, investitsiya, agrar va turistik salohiyati bilan tanishmoqda.

Ishtirokchilardan bir guruhini Farg‘ona xalqaro aeroportida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov davlat tashkilotlari vakillari bilan birgalikda kutib oldi.

Rossiya delegatsiyalari tarkibidan Novosibirsk viloyati gubernatori Andrey Travnikov, Krasnoyarsk o‘lkasi gubernatori Mixail Kotyukov, Rossiyaning boshqa hududlari rahbarlari va vakillari, vazirlik va idoralar, tarmoq tashkilotlari, savdo-sanoat palatalari hamda ishbilarmon doiralar vakillari o‘rin oldi.

Tashrifning birinchi obyekti Quvasoy shahridagi “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi filiali hududida joylashgan «Crown Ceramic» qo‘shma korxonasi bo‘ldi.

Mehmonlarga keramogranit plitalar ishlab chiqarish jarayoni, zamonaviy texnologik liniyalar va korxonaning ishlab chiqarish quvvatlari namoyish etildi. Loyiha yiliga 8 mln kvadrat metrgacha keramogranit ishlab chiqarishga mo‘ljallangan. Ishlab chiqarish quvvatlari yiliga 1 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish, 665 mlrd so‘m qo‘shilgan qiymat yaratish va 35 mln AQSH dollarilik mahsulot eksport qilish imkonini beradi.

Ishlab chiqarishda mahalliy xomashyoning ulushi 97 foizga yetadi. Korxona eksportga yo‘naltirilgan yirik formatdagi keramogranitlarni olti xil o‘lchamda ishlab chiqaradi. Mahsulotlar qo‘shni davlatlarga yetkazib beriladi.

Rossiya delegatsiyalari, shuningdek, Quvasoy shahridagi “Kvars” AJga tashrif buyurdi. U hududdagi yirik sanoat korxonalaridan biri bo‘lib, listli va rangli shisha ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

1975 yilda foydalanishga topshirilgan korxona ikkita float liniyasiga ega. Yevropa uskunalari bilan jihozlangan birinchi liniya sutkasiga 200 tonna mahsulot va yiliga 10 mln kvadrat metrgacha shisha ishlab chiqarishga mo‘ljallangan. Sutkasiga 400 tonna quvvatga ega ikkinchi liniya esa silliqlangan shisha ishlab chiqaradi, uning loyihaviy quvvati yiliga 22 mln kvadrat metrni tashkil etadi.

Korxonada shaffof, och yashil, jigarrang, kulrang va qora rangli shisha ishlab chiqariladi. Bundan tashqari, individual buyurtmalar asosida shisha butilka va bankalar ham tayyorlanadi. “Kvars” mahsulotlari ichki bozorda sotiladi va xorijga eksport qilinadi.

Quva tumanida delegatsiyalar «Quva Agro Star» MCHJ agrokompleksi faoliyati bilan tanishdi. Bu yerda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishdan tortib, ularni saqlash, saralash, qayta ishlash, qadoqlash va eksport qilishgacha bo‘lgan to‘liq ishlab chiqarish sikli yaratilgan.

3,5 gektar maydonni egallagan majmua yiliga 12 turdagi 5 ming tonnagacha mahsulot yetishtirish va tayyorlash imkoniyatiga ega.

Bu yerda in vitro laboratoriyasi va ko‘chatxona faoliyat yuritadi. Ular har yili 1 mlndan ortiq ko‘chat yetishtirish imkonini beradi. Hududda Agrosanoat maktabi ham tashkil etilgan bo‘lib, unda fermerlar va aholiga bog‘dorchilikning zamonaviy texnologiyalari o‘rgatiladi.

Sovutkich majmuasi 3,5 ming tonna mahsulotni saqlashga mo‘ljallangan. Zamonaviy saralash, qadoqlash va IQF shokli muzlatish liniyalari Italiya va Ispaniya texnologiyalaridan foydalangan holda jihozlangan.

«Quva Agro Star» mahsulotlari Yaponiya va Buyuk Britaniyaga yetkazib beriladi. 2025 yilda korxona birinchi marta mahsulotlarni charter aviareyslari orqali Yaponiya va Janubiy Koreyaga ham eksport qilishni boshladi. Korxonada 80 dan ortiq kishi mehnat qiladi.

Tashrifning yana bir obyekti Quva tumanidagi “Karkidon” suv ombori hududida joylashgan turistik majmua bo‘ldi. Loyiha hududni ekologik, agro va ekstremal turizm markazi sifatida rivojlantirishni nazarda tutadi.

Majmua 508 gektar maydonni egallagan. Bu yerda 45 ta shale, 57 ta mehmon uyi, agroturizm majmuasi, gulzor, lavanda dalalari, ekologik bozor, dam olish hududlari va restoranlar tashkil etilgan. Loyihaning keyingi bosqichlarini amalga oshirish ishlari davom etmoqda.

Loyiha doirasida 100 dan ortiq tadbirkorlik subyekti va qariyb 2 mingta ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Majmua yiliga 750 ming nafargacha sayyohni qabul qilishi kutilmoqda.

Shuningdek, faol va ekstremal turizmni rivojlantirish ham ko‘zda tutilgan. Motokross maydonlari, karting, kanat yo‘li va golf maydoni tashkil etilmoqda.

Tashriflar davomida Rossiya delegatsiyalariga amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari, korxonalarning ishlab chiqarish imkoniyatlari, mahalliylashtirish darajasi, eksport salohiyati va hududni rivojlantirish istiqbollari haqida maʼlumot berildi.

O‘zbekiston va Rossiya hududlar kengashining III majlisi asosiy tadbirlarini «Farg‘ona Ekspo» xalqaro ko‘rgazmalar majmuasi va IT Parkda o‘tkazish rejalashtirilgan.

Majlis ishtirokchilari to‘g‘ridan-to‘g‘ri hududlararo hamkorlikni kengaytirish, ishbilarmon doiralar va tarmoq tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlik, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalalarini muhokama qiladi.

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.