Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Yoshlarning innovatsion tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash ofisi Xalqaro robototexnika assotsiatsiyalari alyansiga (IARA) qo‘shildi hamda Xitoyning Zhejiang Qingshanhu Sci-tech City Management Committee tashkiloti bilan hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvni imzoladi.
Kelishuvlarga innovatsiyalar va texnologiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan Xanchjou shahriga tashrif davomida erishildi. Bu haqda O‘zbekiston Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
IARA aʼzoligi O‘zbekiston yoshlarining robototexnika va ilg‘or texnologiyalar sohasida xalqaro hamkorlik qilish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Zhejiang Qingshanhu Sci-tech City Management Committee bilan imzolangan kelishuv innovatsiyalar va texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishni nazarda tutadi.
Tashrif davomida xitoylik investorlar bilan ham muzokaralar o‘tkazildi. Tomonlar O‘zbekistonga investitsiyalar jalb qilish, istiqbolli startaplarni qo‘llab-quvvatlash va qo‘shma texnologik tashabbuslarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.
Erishilgan kelishuvlar yoshlarning innovatsion g‘oyalarini ilgari surish, startaplar ekotizimini rivojlantirish va mamlakatning muhandislik salohiyatini mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.