Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18 oktyabr kuni Samarqand viloyatiga tashrif buyurib, transport infratuzilmasini rivojlantirish va zamonaviy shaharsozlik loyihalari bilan tanishadi.
Ertasi kuni, 19 oktyabr kuni davlat rahbari Amerika-O‘zbekiston biznes va investitsiyalar kengashi yig‘ilishida ishtirok etadi.
Shu kunlarda O‘zbekistonga AQSH Davlat kotibi Marko Rubio ham tashrif buyuradi. AQSH Davlat departamentining 13 oktyabrdagi bayonotiga ko‘ra, uning O‘zbekiston va Hindistonga safari 17 oktyabrdan 22 oktyabrgacha davom etadi. Tashrif dasturidan Samarqand, Mumbay va Jamnagar shaharlari o‘rin olgan.
Samarqandda Rubio AQSH va Markaziy Osiyoning beshta davlati — O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonni birlashtiruvchi C5+1 formatidagi tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida ishtirok etadi. Ushbu hamkorlik mexanizmi 2015 yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda.
AQSH tashqi siyosat idorasi bayonotida qayd etilishicha, uchrashuv ishtirokchilari C5+1 doirasidagi strategik hamkorlikning AQSH va Markaziy Osiyo mamlakatlarida tinchlikni mustahkamlash hamda farovonlikni taʼminlashdagi o‘rnini muhokama qiladi. Safari davomida Rubio mintaqa davlatlari vakillari bilan ikki tomonlama muzokaralar ham o‘tkazadi.
AQSH Davlat departamenti maʼlumotlariga ko‘ra, Davlat kotibi bilan birga O‘zbekistonga Amerika yirik biznesining 200 dan ortiq vakili ham keladi. Vashingtonda ushbu tashrif AQSH va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yana-da rivojlantirishga xizmat qilishiga umid qilinmoqda.