Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahridagi Taras Shevchenko gastronomik ko‘chasida baliq mahsulotlari va mintaydan tayyorlanadigan taomlarni ommalashtirishga bag‘ishlangan O! Mega-Fest Mintay! festivali bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi ko‘magida tashkil etildi.
Festival dasturidan jonli musiqachilar chiqishlari, ko‘ngilochar tadbirlar, bolalar uchun interaktiv mashg‘ulotlar, viktorinalar va mahorat darslari o‘rin oldi.
Tashrif buyuruvchilar mintaydan tayyorlangan turli taomlarni tatib ko‘rish, ularni tayyorlashning o‘ziga xos jihatlari bilan tanishish va baliq taomlari xilma-xilligini baholash imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Tadbirning asosiy vazifalaridan biri baliq mahsulotlariga bo‘lgan qiziqishni oshirish va ularning kundalik ovqatlanish ratsionidagi o‘rni haqida maʼlumot berishdan iborat bo‘ldi.
O‘zbekistonda baliqchilikni rivojlantirish, baliq yetishtirish hajmini oshirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va aholini sifatli mahsulotlar bilan taʼminlashga eʼtibor qaratilmoqda. Baliq isteʼmol qilish madaniyatini shakllantirish va soha mahsulotlariga bo‘lgan talabni kengaytirish ham muhim yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda.
Baliqchilik nafaqat aholining oziq-ovqatga bo‘lgan ehtiyojini taʼminlash, balki yangi ish o‘rinlarini yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish va hududlarning iqtisodiy salohiyatini mustahkamlashda ham muhim ahamiyatga ega.
Baliq taomlarini ommalashtirish soha mahsulotlariga isteʼmolchilar qiziqishini oshirish usullaridan biri sifatida qaralmoqda.