Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farmatsevtika texnika universitetida (PTU) Myunxen texnika universiteti (Technical University of Munich, TUM) tajribasi asosida bioinformatika va biotibbiy muhandislik bo‘yicha taʼlim dasturlarini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Farmatsevtika va tibbiyot sanoatini rivojlantirish agentligi xabar berdi.
Agentlik direktori Abdulla Azizov TUM vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda tomonlar farmatsevtika va tibbiyot sohalarida taʼlim, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalarni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Farmatsevtika va tibbiyot sanoatini rivojlantirish agentligi, PTU va TUM o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolandi. Hujjat nemis universiteti tajribasidan foydalangan holda PTUda “Bioinformatics” va «Biomedical Engineering» taʼlim dasturlarini joriy etishni nazarda tutadi.
Yangi dasturlarni ishga tushirish zamonaviy farmatsevtika va tibbiyot sohalari uchun mutaxassislar tayyorlash, xalqaro tajribani taʼlim jarayoniga joriy etish, shuningdek, PTUning ilmiy-tadqiqot salohiyatini mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Uchrashuv ishtirokchilari taʼlim va ilmiy tadqiqotlar sohasidagi hamkorlikni yana-da kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda zamonaviy mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlash masalalarini ham ko‘rib chiqdi.
Maʼlumot uchun, TUM xalqaro miqyosda tan olingan oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi.
Agentlik keltirgan maʼlumotlarga ko‘ra, QS World University Rankings 2027 reytingida universitet dunyo bo‘yicha 25-o‘rinni, Yevropa Ittifoqi va Germaniya universitetlari orasida esa birinchi o‘rinni egallagan.