O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
Iqtisod

O'zbekiston va ITTLLDC dengizga chiqish imkoniyati bo'lmagan mamlakatlarni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi

Dilafro'z Niyazova · 22.08.2026 · 15:55 · 42 views
O'zbekiston va ITTLLDC dengizga chiqish imkoniyati bo'lmagan mamlakatlarni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi
O'zbekiston va ITTLLDC dengizga chiqish imkoniyati bo'lmagan mamlakatlarni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi / Foto: O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Dengizga chiqish imkoniga ega bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlar xalqaro tadqiqot markazi (ITTLLDC) transport-logistika salohiyatini rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.

Uchrashuv 21 avgust kuni O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligida bo‘lib o‘tdi. Unda iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Umid Abidhojiyev, ITTLLDC ijrochi direktori Damdin-Od Dulguun, shuningdek, vazirlikning tegishli bo‘linmalari va tadqiqot institutlari vakillari ishtirok etdi.

Tomonlar asosiy eʼtiborni transport va tranzit koridorlarini rivojlantirish, dengizga chiqish imkoniga ega bo‘lmagan davlatlarni xalqaro transport tarmoqlariga integratsiya qilish, savdo xarajatlarini kamaytirish va mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashga qaratdi.

Ishtirokchilar, shuningdek, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, raqamli transformatsiya va institutsional salohiyatni mustahkamlashni ITTLLDC faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida muhokama qildi.

O‘zbekistonning transport-logistika va tranzit salohiyatiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Tomonlar tashqi savdo yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish va mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni yana-da mustahkamlash bo‘yicha fikr almashdi.

Bundan tashqari, uchrashuv ishtirokchilari ITTLLDCning O‘zbekiston Strategik rivojlanish markazi, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hamda Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bilan hamkorlik qilish istiqbollarini muhokama qildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar transport-logistika va savdo-iqtisodiy rivojlanish, shuningdek, tahliliy tadqiqotlar o‘tkazish sohalarida hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.