O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
Iqtisod

Namanganda quvvati 18 MVt bo‘lgan ikki kichik GES ishga tushirildi

Dilafro'z Niyazova · 29.08.2026 · 11:50 · 29 views
Namanganda quvvati 18 MVt bo‘lgan ikki kichik GES ishga tushirildi
Namanganda quvvati 18 MVt bo‘lgan ikki kichik GES ishga tushirildi / Foto: “O‘zbekgidroenergo” AJ.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on va Norin tumanlarida umumiy o‘rnatilgan quvvati 18 MVt bo‘lgan “Qo‘g‘ay-1” va “Qo‘g‘ay-2” kichik gidroelektrostansiyalari 25 avgust kuni ishga tushirildi. Bu haqda “O‘zbekgidroenergo” AJ xabar berdi.

Stansiyalar Katta Andijon kanalida qurilgan bo‘lib, O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida foydalanishga topshirildi. Tantanali ishga tushirish marosimi 25 avgust kuni bo‘lib o‘tdi. Unda Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov, “O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruv raisi Islom Abdurahmonov, Uchqo‘rg‘on va Norin tumanlari hokimliklari vakillari, pudratchi va qurilish tashkilotlari rahbarlari, mahalliy faollar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

“Qo‘g‘ay-1” GESining o‘rnatilgan quvvati 12 MVtni, “Qo‘g‘ay-2” GESiniki esa 6 MVtni tashkil etadi. Ularning umumiy 18 MVtlik quvvati Namangan viloyatida faoliyat yuritayotgan o‘nta gidroelektrostansiyaning umumiy o‘rnatilgan quvvatini qariyb 18 foizga oshiradi. Yangi obyektlar ishga tushirilishidan oldin ushbu ko‘rsatkich 100,5 MVtni tashkil etgan.

Yangi quvvatlar Katta Andijon kanalining mavjud suv oqimidan foydalanish hisobiga yaratilmoqda. Bunda kanal o‘zining asosiy suv xo‘jaligi funksiyasini bajarishda davom etadi, ayni vaqtda suv oqimining energetik salohiyatidan elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun foydalaniladi.

“Qo‘g‘ay-1” va “Qo‘g‘ay-2” Katta Andijon kanalida kichik GESlar kaskadini tashkil etishga qaratilgan qiymati 54,7 mln dollarlik loyiha tarkibiga kiradi. Ishga tushirilgan ikki obyektdan tashqari, loyiha doirasida “Beshqo‘rg‘on” stansiyasini qurish ham ko‘zda tutilgan.

Loyiha to‘liq yakunlanganidan so‘ng uchta stansiyaning umumiy o‘rnatilgan quvvati 23 MVtni tashkil etadi, yillik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi esa 172,5 mln kVt·soatga yetadi.

“Qo‘g‘ay-1” va “Qo‘g‘ay-2” stansiyalarining o‘rtacha yillik elektr energiyasi ishlab chiqarishi 132,1 mln kVt·soatga baholanmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, ular ishlab chiqaradigan elektr energiyasi o‘rtacha hisobda yiliga qariyb 53 mingta xonadonni taʼminlash uchun yetarli bo‘ladi.

Obyektlarni to‘liq ishga tushirish yiliga 40 mln kub metrgacha tabiiy gaz yoki 33 ming tonna ko‘mirni tejash imkonini beradi. Taqdim etilgan maʼlumotlarga ko‘ra, stansiyalarni qurish va ulardan foydalanish gidrologik rejimga taʼsir ko‘rsatmaydi, gidrobiologik obyektlarga zarar yetkazmaydi hamda atrof-muhit va tabiatda salbiy o‘zgarishlarga olib kelmaydi.

Kanalning mavjud infratuzilmasidan foydalanish uning asosiy suv xo‘jaligi funksiyasini o‘zgartirmagan holda yangi energetik quvvatlarni yaratish imkonini beradi. Loyiha, shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini oshirish va elektr energiyasi ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilishga qaratilgan.

Kompaniya maʼlum qilishicha, yangi stansiyalar Namangan viloyatida gidroenergetikani rivojlantirish va O‘zbekistonda “yashil” energetika salohiyatini oshirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

Bayram tadbirlari arafasida “O‘zbekgidroenergo” AJ Norin tumanidagi 11 nafar o‘g‘il bola uchun sunnat-to‘y marosimini ham tashkil etdi. Bolalar uchun bayram tadbirlari o‘tkazilib, ularga eʼtibor ko‘rsatildi.

Kompaniyada yosh avlod vakillari kelajakda malakali mutaxassislarga aylanib, Norin tumani va O‘zbekiston, jumladan, gidroenergetika sohasining rivojiga hissa qo‘shishiga ishonch bildirildi.