Maydanakda butun osmonni kuzatuvchi teleskop ishga tushirildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistondagi Maydanak astronomik rasadxonasida deyarli butun osmonni bir vaqtning o‘zida kuzatishga mo‘ljallangan ko‘p linzali teleskop majmuasi o‘rnatilib, ishga tushirildi. Tizim O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Mirzo Ulug‘bek nomidagi Astronomiya instituti olimlari tomonidan Xitoy Fanlar akademiyasining Shanxay astronomiya rasadxonasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Bu haqda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi xabar berdi.
Yangi majmua 31 ta mustaqil optik modul va yuqori sezgirlikka ega CMOS-kameralardan iborat. U gorizontdan 20 darajadan yuqori balandlikdagi osmon hududini bir vaqtning o‘zida kuzatish va 14-yulduz kattaligigacha bo‘lgan osmon jismlarini qayd etish imkonini beradi.
Tizimning asosiy vazifalaridan biri tez harakatlanuvchi obyektlarni aniqlash va monitoring qilishdan iborat bo‘ladi. Xususan, majmua Yerga yaqin asteroidlar, meteorlar, bolidlar, sunʼiy yo‘ldoshlar va kosmik chiqindilarni kuzatish uchun mo‘ljallangan.
Teleskop avtomatlashtirilgan astronomik monitoring majmuasi hisoblanadi. Tasvirlarni shakllantiruvchi 31 ta blokdan keladigan maʼlumotlar 16 ta kompyuter yordamida real vaqt rejimida qayta ishlanadi. Hosil qilinadigan maʼlumotlarning o‘rtacha hajmi bir sutkada 6–7 terabayt astronomik maʼlumotni tashkil etadi. Ularni saqlash uchun 150 terabayt hajmdagi tizim ko‘zda tutilgan.
Majmua, shuningdek, tasvirlarda harakatlanayotgan obyektlarni avtomatik aniqlash uchun dasturiy taʼminot bilan jihozlangan. Buning uchun chuqur o‘rganish algoritmlaridan foydalaniladi. Tizim aniqlangan obyektlarning harakat trayektoriyasini kuzatishi, ularning astronomik koordinatalarini belgilashi va dastlabki orbital parametrlarini hisoblashi mumkin.
Bundan tashqari, teleskopni masofadan boshqarish va kuzatuvlarni avtomatik rejalashtirish imkoniyatlari mavjud. Majmua harorat, namlik va atmosfera bosimi, shuningdek, shamol tezligini nazorat qilish imkonini beradi.
Fanlar akademiyasi maʼlumotlariga ko‘ra, teleskopning Maydanak rasadxonasiga joylashtirilishi baland tog‘ hududining sharoitlari, atmosferaning tozaligi va astronomik kuzatuvlar uchun barqaror sharoitlar bilan bog‘liq. Bu Yerga yaqin kosmik makonni muntazam monitoring qilish imkonini yaratadi.
Fanlar akademiyasi taʼkidlashicha, majmuaning ishga tushirilishi o‘zbek olimlarining Yerga yaqin obyektlarni kuzatish va katta hajmdagi astronomik maʼlumotlar bilan ishlash imkoniyatlarini kengaytiradi. Uskuna kosmik monitoring sohasidagi xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etish va zamonaviy kuzatuv texnologiyalaridan foydalangan holda mutaxassislar tayyorlash uchun ham qo‘llanilishi mumkin.
Teleskopning o‘rnatilishi O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ilmiy-texnik hamkorlik natijasi bo‘ldi. Majmua O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida ishga tushirildi.