O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
Moliya

Raqobat qo‘mitasi isteʼmolchilarga 399,3 mlrd so‘m qaytardi

Dilafro'z Niyazova · 21.08.2026 · 18:30 · 43 views
Raqobat qo‘mitasi isteʼmolchilarga 399,3 mlrd so‘m qaytardi
Raqobat qo‘mitasi isteʼmolchilarga 399,3 mlrd so‘m qaytardi / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi 2023 yildan 2026 yil iyul oyiga qadar 11,7 milliondan ortiq isteʼmolchi foydasiga 399,3 mlrd so‘mlik qayta hisob-kitob qilinishiga erishdi.

Mazkur mablag‘lar fuqarolardan ortiqcha undirilgan. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.

Ko‘rsatilgan davrda idoraga fuqarolardan 137 785 ta murojaat kelib tushgan. Ular uy-joy kommunal va transport xizmatlari, savdo va umumiy ovqatlanish, aloqa, moliyaviy va ijtimoiy xizmatlar, shuningdek, reklama munosabatlariga taalluqli bo‘lgan.

2023 yilda qo‘mita 20 691 ta murojaatni ro‘yxatga olgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 30 070 tani, 2025 yilda 53 670 tani tashkil etgan. 2026 yil yanvar–iyul oylarida esa yana 33 354 ta murojaat kelib tushgan.

Murojaatlarning eng katta qismi, yaʼni 68 326 tasi uy-joy kommunal va transport xizmatlariga tegishli bo‘lgan. Yana 39 397 ta murojaat savdo va umumiy ovqatlanish, 25 965 tasi esa aloqa, moliyaviy va ijtimoiy xizmatlarga oid bo‘lgan.

Qo‘mita maʼlumotlariga ko‘ra, murojaatlar soni har yili 45–78 foizga oshib borgan. Idora bu dinamikani nafaqat isteʼmolchilar huquqlari sohasidagi muammolar ko‘lami, balki huquqlarni himoya qilish mexanizmlarining ochiqligi, ularga bo‘lgan ishonch va fuqarolar faolligining ortishi bilan ham bog‘lamoqda.

Murojaatlarni qabul qilish uchun qo‘mita «Isteʼmolchi murojaati» elektron platformasini ishga tushirgan. Uch yarim yildan ortiq vaqt davomida kelib tushgan murojaatlarning 116 105 tasi yoki umumiy murojaatlarning 86,7 foizi ijobiy hal etilgan.

Ularning 73 foizi bo‘yicha murojaatlar qanoatlantirilgan, 25 foiz holatda fuqarolarga huquqiy tushuntirishlar berilgan, yana 2 foizi vakolatli davlat organlariga yuborilgan.

Qo‘mita individual murojaatlarni ko‘rib chiqishdan tashqari, nomaʼlum doiradagi isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish maqsadida tekshiruvlar ham o‘tkazgan. Ular kommunal, tibbiy va farmatsevtika xizmatlari, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish, telekommunikatsiyalar, sug‘urta hamda moliyaviy xizmatlarni o‘z ichiga olgan 20 dan ortiq yo‘nalishni qamrab olgan.

Tekshiruvlar natijasida aniqlangan qonunbuzilishlar bartaraf etilgan, qonunchilik talablarini buzgan subyektlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilgan.

Qo‘mitaning amalga oshirgan ishlari natijasida 11,7 milliondan ortiq isteʼmolchi foydasiga jami 399,3 mlrd so‘m miqdorida qayta hisob-kitob qilinishi taʼminlangan.