Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Nukusda Qoraqalpog‘iston va Germaniya o‘rtasida energiya samaradorligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va yangi loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Uchrashuv ko‘p qavatli uylarning energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan FELICITY II loyihasi doirasida o‘tkazildi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev, vazir o‘rinbosari Ozoda Jurayeva hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) vakillari ishtirok etdi.
Tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikning joriy holati va uni yana-da rivojlantirish istiqbollarini ko‘rib chiqdi.
Ko‘p qavatli uylarni modernizatsiya qilish
Asosiy mavzulardan biri Qoraqalpog‘istonda FELICITY II loyihasini amalga oshirish bo‘ldi. Ishtirokchilar ko‘p qavatli uylarni modernizatsiya qilish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish, aholi uchun yana-da qulay va zamonaviy yashash sharoitlarini yaratish masalalarini muhokama qildi.
Tomonlar loyiha doirasida to‘plangan amaliy tajriba va erishilgan natijalarni ijobiy baholab, energiya samaradorligi sohasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish zarurligini taʼkidladi.
Yangi loyihalar tayyorlanadi
Bundan tashqari, uchrashuv ishtirokchilari Germaniya tomoni bilan boshqa istiqbolli yo‘nalishlarda yangi loyihalarni birgalikda ishlab chiqish va amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Qayd etilishicha, bunday tashabbuslar Qoraqalpog‘istonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga xizmat qilishi kerak.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar amaldagi loyihalarni davom ettirish, ularni amalga oshirish samaradorligini oshirish hamda keyingi hamkorlik doirasida yangi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga kelishib oldi.