Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Dubayda xalqaro Arabian Travel Market (ATM 2026) turistik ko‘rgazmasi doirasida «Hamkorlik orqali barqaror turistik sanoatni shakllantirish» mavzusida yuqori darajadagi vazirlar muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Akkulov ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi xabar berdi.
Turizm sohasini tiklash
Muloqotda BMT Turizm bosh kotibi Shayxa Al Nuvays, Yevropa komissiyasining barqaror transport va turizm masalalari bo‘yicha komissari Apostolos Sitsikostas, BAA iqtisodiyot va turizm vaziri Abdulla bin Tuk Al Marriy, Bahrayn turizm vaziri Fotima bint Jaʼfar Al Sayrafiy hamda boshqa yuqori lavozimli vakillar ishtirok etdi.
O‘zbekistonning tadbirdagi ishtiroki murakkab tashqi sharoitlarda Fors ko‘rfazi davlatlarining turizm sohasini tiklash bo‘yicha tajribasini o‘rganish, mintaqada turizm rivojining keyingi tendensiyalarini baholash, shuningdek, mintaqadan O‘zbekistonga sayyohlar oqimini ko‘paytirish va amaliy hamkorlikni kengaytirishga qaratildi.
Abdulla bin Tuk Al Marriy Yaqin Sharqdagi so‘nggi voqealar turizm sohasiga bevosita taʼsir ko‘rsatganini taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi sharoitda sezilarli natija va yutuqlar haqida gapirish hali erta.
Shu bilan birga, u turistik faollikni tiklash, sohani mustahkamlash va rivojlantirish, xalqaro sayyohlar uchun ochiqlikni kengaytirish hamda yuqori darajadagi xavfsizlikni taʼminlash bo‘yicha ishlarni faollashtirish zarurligini taʼkidladi.
O‘zbekiston mintaqaviy turizmni ilgari surmoqda
Abdulaziz Akkulov O‘zbekiston xalqaro bozorda jadal rivojlanayotgan istiqbolli turistik yo‘nalish sifatida yangi imkoniyatlarni taklif etayotganini bildirdi.
Uning taʼkidlashicha, prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Markaziy Osiyoni yagona turistik mintaqa sifatida ilgari surish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Shu munosabat bilan u transchegaraviy turistik yo‘nalishlarni rivojlantirish va barcha yo‘nalishlarda hamkorlikni faollashtirish zarurligini qayd etdi.
Toshkent xalqaro yilning ochilish marosimiga mezbonlik qiladi
Shayxa Al Nuvays hamkorlik va birgalikdagi faoliyat turizm sohasini barqaror rivojlantirishning asosiy omillaridan biri ekanini taʼkidladi.
U, shuningdek, O‘zbekistonning «Xavfsiz turizm kodeksi»ni ilgari surish borasidagi saʼy-harakatlari va tashabbuskorligini qayd etib, bu tajribani boshqa davlatlar uchun amaliy namuna sifatida baholadi.
BMT Turizm bosh kotibi o‘z nutqining yakunida Toshkentda «Barqaror va hayotga chidamli turizm xalqaro yili» deb eʼlon qilingan 2027 yilning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tishini taʼkidladi. U tadbir ishtirokchilarini O‘zbekistonga tashrif buyurish va marosimda ishtirok etishga taklif qildi.