Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yil 24 sentyabr soat 18:00 dan boshlab O‘zbekistonda davlat ekologik ekspertizasi xulosasini olish uchun arizalar faqat Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali elektron shaklda qabul qilinadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Yangi tartibga o‘tish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 11 maydagi 234-son qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda. Ushbu qaror bilan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali arizalar topshirish hamda davlat ekologik ekspertizasi xulosalarini elektron shaklda berish tartibi belgilangan.
Yangi mexanizmni ishga tushirishga tayyorgarlik doirasida zarur texnik ishlar amalga oshirildi. YAIDXPda arizalarni topshirish va tegishli xulosalarni elektron shaklda berish jarayonlari test rejimida sinovdan o‘tkazildi.
Test natijalariga ko‘ra, yangi tartib to‘liq ishga tushirish uchun tayyor deb topildi.
Shu munosabat bilan 24 sentyabr soat 18:00 dan boshlab davlat ekologik ekspertizasi xulosasini olish uchun arizalar faqat my.gov.uz orqali qabul qilinadi.
Shu bilan birga, mazkur vaqtdan boshlab arizalar eco-service.uz ixtisoslashtirilgan sayti orqali qabul qilinmaydi.
Shu tariqa, davlat ekologik ekspertizasini olish jarayoni yagona raqamli kanalga o‘tkazilmoqda. Bu arizalarni topshirish va tegishli xulosalarni elektron shaklda rasmiylashtirish jarayonini markazlashtirish imkonini beradi.