Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Davlatga qarashli Uzbekistan Airways aviakompaniyasi aksiyalarini birlamchi ommaviy joylashtirish (IPO) 2026 yildan 2027 yilga ko‘chirildi. Bu haqda “Dunyo” AA muxbiri Ukrainaning Fixygen axborot portaliga tayanib xabar berdi.
Dastlab aviakompaniya aksiyalarining 15–20 foizini 2026 yilning ikkinchi yarmida birjaga chiqarish rejalashtirilgan edi.
Ayni paytda Uzbekistan Airways‘ning fond bozoriga chiqishiga tayyorgarlik ishlari hamda transformatsiya dasturini amalga oshirish davom etmoqda.
Kompaniya uchun 115 ta tashabbusni o‘z ichiga olgan sog‘lomlashtirish dasturi ishlab chiqilgan.
Ular operatsion samaradorlikni oshirish, tijorat faoliyatini rivojlantirish va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilashga qaratilgan.
Bundan tashqari, dastur korporativ boshqaruvning xalqaro standartlarini joriy etish va investorlar bilan o‘zaro hamkorlikni takomillashtirishni ham nazarda tutadi.
Ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish Uzbekistan Airways‘ning potensial qiymatini 1,6 milliard dollardan 2,3 milliard dollargacha oshirishi mumkinligi kutilmoqda.
Shu bilan birga, kompaniyaning yakuniy kapitalizatsiyasi investorlarning qiziqishi, uning moliyaviy va operatsion ko‘rsatkichlari, shuningdek, amalga oshirilayotgan transformatsiya natijalariga bog‘liq bo‘ladi.
Ochiq maʼlumotlarga ko‘ra, 2025 yilda Uzbekistan Airways‘ning tushumi 18,3 trillion so‘mga yetgan. Bu qariyb 1,5 milliard dollarga teng. Avvalgi yil bilan taqqoslaganda, mazkur ko‘rsatkich 4,3 foizga oshgan.