Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov 18 sentyabr kuni Osiyo taraqqiyot banki (OTB) vakillari bilan genderga yo‘naltirilgan byudjetlashtirishni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar amalga oshirilayotgan ishlar, vazifalar va hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildi.
Bu haqda O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligining axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi xabar berdi.
Uchrashuvda taʼlim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya sohalarida genderga yo‘naltirilgan yondashuvlarni yana-da qo‘llash muhimligi taʼkidlandi. Davlat organlari xodimlarining ushbu yo‘nalishdagi bilim va ko‘nikmalarini oshirishga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Tomonlar, shuningdek, davlat xizmatchilari uchun amaliy va foydalanishga qulay bo‘lgan genderga yo‘naltirilgan byudjetlashtirish bo‘yicha qo‘llanma ishlab chiqish masalasini ko‘rib chiqdi. Hujjatda ushbu yondashuvning mazmuni, maqsadlari va asosiy tamoyillari tushuntirilishi ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, xodimlarni o‘qitish va malakasini oshirish, shuningdek, genderga yo‘naltirilgan byudjetlashtirishni rivojlantirish bo‘yicha amaliy Yo‘l xaritasini tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar amaldagi ikki yillik strategiya va O‘zbekistonda shu kunga qadar amalga oshirilgan ishlar asosida keyingi chora-tadbirlarni belgilashga kelishib oldi.
Shuningdek, tegishli vazirlik va idoralar hamda xalqaro tashkilotlar bilan ishchi uchrashuvlar tashkil etish rejalashtirilmoqda.