Mariya Timofeyeva US Open turnirining ikkinchi davrasida mag‘lub bo‘ldi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonlik tennischi Mariya Timofeyeva US Open — 2026 turniridagi ishtirokini yakunladi. U musobaqaning ikkinchi davrasida 23-raqamli raqam ostida saralangan belgiyalik Elize Mertensga mag‘lub bo‘ldi. Uchrashuv Mertens foydasiga 2:6, 5:7 hisobida yakunlandi.
Uchrashuv 1 soat 46 daqiqa davom etdi. Timofeyeva ikki marta eys qayd etdi va uchta ikki karra xatoga yo‘l qo‘ydi. U birinchi uzatmasini 68 foiz holatda aniq amalga oshirdi.
O‘zbekistonlik tennischi ikki marta breyk-poyntga ega bo‘lib, ularning har ikkisidan ham unumli foydalandi. Biroq Mertens raqibining uzatmasini olish uchun yetti imkoniyatga ega bo‘ldi va ularning to‘rttasini amalga oshirdi.
Belgiyalik tennischi uchrashuv davomida birorta ham eys qayd etmadi va uchta ikki karra xatoga yo‘l qo‘ydi. Shu bilan birga, Mertens birinchi uzatmada ancha samarali harakat qildi: u birinchi uzatmasidan keyingi ochkolarning 76 foizini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Timofeyevada bu ko‘rsatkich 57 foizni tashkil etdi.
Qo‘lga kiritilgan umumiy ochkolar bo‘yicha ham ustunlik Mertens tomonida bo‘ldi. Belgiyalik tennischi 72 ochko jamg‘argan bo‘lsa, Timofeyeva hisobida 54 ochko qayd etildi.