Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston vakillari Aichi-Nagoya-2026 Paraosiyo o‘yinlarida uchta oltin medalni qo‘lga kiritdi. Mahliyo Akramova klub otish, Husniddin Norbekov yadro uloqtirish bo‘yicha g‘olib bo‘ldi, Yegor Bolotov esa suzishda chempionlikni qo‘lga kiritdi. O‘zbekistonlik sportchi ayollar 100 metrga erkin uslubda suzish bahslarida yana ikkita medal oldi.
Mahliyo Akramova ayollar o‘rtasida F32 klassida klub otish musobaqasida g‘olib bo‘ldi. U finalda 24,08 metr natija ko‘rsatib, birinchi o‘rinni egalladi va Paraosiyo o‘yinlarining yangi rekordini o‘rnatdi.
Husniddin Norbekov erkaklar o‘rtasida F35 klassida yadro uloqtirish bo‘yicha oltin medalni qo‘lga kiritdi. Uning natijasi 16,04 metrni tashkil etdi.
O‘zbekistonga yana bir oltin medalni suzuvchi Yegor Bolotov keltirdi. U erkaklar o‘rtasida S13 klassida 100 metrga erkin uslubda suzish finalida 52,90 soniya natija bilan birinchi bo‘lib marraga yetdi.
S13 klassida ayollar o‘rtasida 100 metrga erkin uslubda suzish bahslarida o‘zbekistonlik sportchilar yana ikkita medalni qo‘lga kiritdi. Mubinabonu Xalilova 1 daqiqa 0,84 soniya natija ko‘rsatib, ikkinchi o‘rinni egalladi va kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Muslima Odilova esa 1 daqiqa 2,35 soniya natija bilan uchinchi bo‘lib marraga yetib keldi va bronza medalni qo‘lga kiritdi. Suzish bahsida Yaponiya vakili g‘olib bo‘ldi.