Shomurodov Superligada penaltidan gol urdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Turkiya Superligasining ikkinchi turidan o‘rin olgan uchrashuvda “Bashakshexir” o‘z maydonida “Trabzonspor”ga 2:1 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Istanbul klubi tarkibida O‘zbekiston terma jamoasi kapitani Eldor Shomurodov to‘liq o‘yin o‘tkazib, penaltidan gol urdi.
“Trabzonspor” 8-daqiqada Muhammad Salohning goli evaziga hisobni ochdi. 11 daqiqa o‘tib, “Bashakshexir” penalti tepish huquqiga ega bo‘ldi. Jarima zarbasini Shomurodov aniq amalga oshirib, hisobni tenglashtirdi.
Ikkinchi taym boshida Saloh yana bir bor raqib darvozasini ishg‘ol qildi va dubl qayd etdi. Uning ikkinchi goli uchrashuvdagi hal qiluvchi gol bo‘ldi. O‘yin oxiriga qadar jamoalar yuqori surʼatda harakat qilgan bo‘lsa-da, hisob boshqa o‘zgarmadi.
“Bashakshexir”ning har ikki o‘zbekistonlik futbolchisi — Shomurodov va Abbosbek Fayzullayev uchrashuvni asosiy tarkibda boshladi. Fayzullayev 58-daqiqada Daviye Zelkega almashtirildi. Shomurodov esa maydonda 90 daqiqa to‘liq harakat qildi.
G‘alabadan so‘ng “Trabzonspor” ochkolarini 4 taga yetkazib, Superliga turnir jadvalida uchinchi o‘ringa ko‘tarildi. “Bashakshexir”da esa 3 ochko qoldi va jamoa o‘ninchi pog‘onada bormoqda.