Toshkentda noqonuniy ishga joylashtirishda gumonlangan menejer ushlandi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahrining Chilonzor tumanida turistik firma menejeri O‘zbekiston fuqarosini Slovakiyada noqonuniy ravishda ishga joylashtirishga ko‘maklashganlikda gumonlanib ushlandi. Bu haqda O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Tezkor tadbir Toshkent shahri bo‘yicha DXX boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
DXX maʼlumotlariga ko‘ra, ushlangan shaxs fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘lmagan mahalliy turistik kompaniyada menejer bo‘lib ishlagan. Erkak pul mablag‘larining bir qismini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Aniqlanishicha, menejer Samarqand viloyatida yashovchi fuqarodan Slovakiyada ishga joylashish va viza rasmiylashtirishda ko‘maklashish evaziga 3 ming dollar va 2,5 mln so‘m talab qilgan.
U 1 ming dollar va 2,5 mln so‘mni olayotgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan ushlangan.
Ushlangan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
DXX fuqarolarni qonunbuzarliklarning bunday holatlari haqida 1520 qisqa raqami orqali xabar berishga chaqirdi. Idora maʼlum qilishicha, xabar beruvchilarning shaxsi maxfiyligi kafolatlanadi.