Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Rossiyadan YEOII davlatlari, Ozarbayjon, Tojikiston va O‘zbekistonga 1 mln rubldan ortiq miqdorda naqd rubl olib chiqishni cheklovchi farmonni imzoladi.
Rossiya hukumati ro‘yxatini belgilaydigan aeroportlar orqali pul mablag‘larini olib chiqish uchun istisno nazarda tutilgan. Bunda jismoniy shaxsdan naqd pulni o‘z hisobvarag‘idan yechib olganini tasdiqlovchi bank ko‘chirmasi talab qilinadi.
Belgilangan cheklov buzilgan taqdirda, naqd pul mablag‘lari olib qo‘yiladi. Jismoniy shaxslardan 1 mln rubldan oshgan summa musodara qilinadi, yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlardan esa butun summa olib qo‘yilishi nazarda tutilgan.
Avval jismoniy shaxslar uchun naqd pulni olib chiqish bo‘yicha 100 ming dollarga ekvivalent miqdorda cheklov amal qilgan. Bunda avvalgi cheklovlar Ozarbayjon, Tojikiston va O‘zbekistonga nisbatan tatbiq etilmagan.
Yangi qoidalar, jumladan, Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi pul mablag‘lari bilan bog‘liq operatsiyalarga taʼsir qiladi.