O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Oʻzbekistonlik mutaxassislar Iordaniyada oʻquv mashgʻulotlarini yakunladilar

UzDaily tahririyati · 07.08.2026 · 10:50 · 26 views
Oʻzbekistonlik mutaxassislar Iordaniyada oʻquv mashgʻulotlarini yakunladilar
Oʻzbekistonlik mutaxassislar Iordaniyada oʻquv mashgʻulotlarini yakunladilar / Foto: Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilining 26-iyul–3-avgust kunlari Iordaniya Hoshimiylar Qirolligida Qurg‘oqchil hududlarda qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari xalqaro markazi (ICARDA) tomonidan “Ekotizim xizmatlarini baholash, yomg‘ir suvlarini yig‘ish va yerlarni qayta tiklash monitoringi” mavzusida mintaqaviy salohiyatni oshirish seminari hamda “Yomg‘irdan qayta tiklash sari” dala akademiyasi bo‘lib o'tdi.

Mazkur tadbirlar “Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisi hamda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamkorligida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda oziq-ovqat tizimlari, yerdan foydalanish va yerlarni tiklash bo‘yicha ta’sir dasturi (FOLUR)” doirasida tashkil etildi.

ICARDA va Iordaniya Milliy qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari markazi (NARC) hamkorligida amalga oshirilgan ushbu malaka oshirish dasturida Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi, Loyiha ofisi, tarmoq ilmiy-tadqiqot institutlari hamda FAO vakillari ishtirok etishdi.

Dastur doirasida ishtirokchilar ekotizim xizmatlarini baholash, yomg‘ir suvlarini yig‘ish va samarali boshqarish, degradatsiyaga uchragan yerlar hamda yaylovlarni qayta tiklash, tabiiy resurslar monitoringi, tozalangan oqova suvlardan qayta foydalanish, shuningdek, Suv–Energetika–Oziq-ovqat–Ekotizimlar o‘zaro bog‘liqligi (WEFE Nexus) yondashuvlari bo‘yicha ICARDA va Iordaniyaning ilg‘or tajribalari bilan tanishmoqda. Nazariy mashg‘ulotlar bilan bir qatorda dala amaliyotlari va innovatsion texnologiyalar namoyishlari ham tashkil etilgan.

Mazkur xalqaro seminar va dala akademiyasi davomida olingan bilim hamda amaliy tajribalar mamlakatimizda yer va suv resurslarini barqaror boshqarish, yer degradatsiyasining oldini olish, yomg‘ir suvlaridan samarali foydalanish, iqlim o‘zgarishiga mos innovatsion yondashuvlarni amaliyotga joriy etishga xizmat qiladi.