Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda moslashtirilgan issiqxonalar tashkil etish orqali nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy integratsiya qilish va ularning bandligini taʼminlashga ko‘maklashish bo‘yicha loyiha boshlandi. Tashabbus 24 oyga mo‘ljallangan bo‘lib, oltita ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasasida amalga oshiriladi. Bu haqda Oliy Majlis Senati matbuot xizmati xabar berdi.
22 sentyabr kuni Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Anvar Tuychiyev «Moslashtirilgan issiqxonalar orqali nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy integratsiya qilish va ularning bandligini taʼminlashga ko‘maklashish» loyihasining rasmiy ishga tushirilishiga bag‘ishlangan tadbirda ishtirok etdi.
Loyiha Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Tashabbusning asosiy vazifasi nogironligi bo‘lgan shaxslarni qishloq xo‘jaligi sohasiga jalb etish, munosib ish va daromad olish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, amaldagi issiqxonalarni ularning ehtiyojlarini hisobga olgan holda moslashtirish orqali ijtimoiy integratsiyaga ko‘maklashishdan iborat.
24 oy davomida loyiha Toshkent shahri, Toshkent viloyati, Olmaliq, Farg‘ona va Samarqanddagi ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalarini qamrab oladi. Tashabbus doirasida issiqxonalar nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun moslashtiriladi, ishtirokchilar qishloq xo‘jaligi sohasida amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ladi va ishga joylashish bo‘yicha yordam oladi.
Shuningdek, to‘plangan tajribani hisobga olgan holda keyinchalik mamlakatning boshqa hududlarida ham qo‘llash mumkin bo‘lgan amaliy modelni shakllantirish rejalashtirilmoqda.
Tadbirda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun moslashtirilgan issiqxonalarni loyihalashning milliy standartini ishlab chiqish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi taʼlimini ularning ehtiyojlariga moslashtirish va orttirilgan tajribani ommalashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Tadbirda keltirilgan maʼlumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 845 ming nafardan ziyod nogironligi bo‘lgan shaxs rasman ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning 532 ming nafardan ortig‘i qishloq joylarda yashaydi. Loyiha ularning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish, daromad manbalarini kengaytirish va iqtisodiy faolligini oshirishga ko‘maklashishi kutilmoqda.
Ishtirokchilar, shuningdek, loyihani amalga oshirishning dastlabki bosqichidagi ustuvor chora-tadbirlar, masʼul tashkilotlar va o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini muhokama qildi. Belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida bajarish va tashabbus natijalarini kelgusida keng joriy etishga alohida eʼtibor qaratildi.