Toshkent "Ispaniya – S5 + Ozarbayjon" forumiga tayyorgarlik ko'rmoqda
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vazirligi mas’ullari Ispaniya Qirolligining mamlakatimizdagi elchixonasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot chog‘ida joriy yil poytaxtimizda o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Ispaniya–S5+Ozarbayjon” xalqaro forumiga tayyorgarlik ishlari hamda uni yuqori saviyada tashkil etish bilan bog‘liq tashkiliy masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, mazkur forum agrar sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar, investorlar va ishbilarmon doiralar uchun yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, investitsiya loyihalarini ilgari surish hamda zamonaviy agrotexnologiyalarni jalb qilishda muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi.
Shuningdek, uchrashuvda qishloq xo‘jaligi sohasiga ilm-fan va innovatsiyalarni keng joriy etish, suv tejamkor texnologiyalar, intensiv bog‘dorchilik, oziq-ovqat sanoati hamda agrar ta’lim yo‘nalishlarida Ispaniyaning ilg‘or tajribasini o‘rganishda mazkur forumning ahamiyati xususida ham fikr almashildi.
Tomonlar mazkur forum O‘zbekiston va Ispaniya o‘rtasida agrar sohadagi sheriklikni yanada mustahkamlash, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.